Samimiy muloqot chogʻida mamlakatimizning, xususan Fargʻona viloyatining Germaniya bilan hamkorligini yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Viloyat hokimi mehmonlarni Fargʻona viloyatida qutlar ekan, soʻnggi yillarda Oʻzbekistonning Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, shu jumladan Germaniya bilan barcha jabhalardagi aloqalari jadal surʼatlarda yuksalib borayotgani, oʻzaro manfaatli hamkorlikning yangi davri boshlanganiga eʼtibor qaratdi. Viloyatning investitsion salohiyati yuqori ekanini qayd etgan Xayrullo Bozorov, nemis kompaniyalari bilan iqtisodiyotning koʻplab sohalarida hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini taʼkidladi. Viloyat rahbari tekstil-trikotaj, kimyo sanoati, meva-sabzavot yetishtirish va qayta ishlash kabi sohalarning viloyatimiz iqtisodiyotida katta oʻrin tutishini aytib, bu sohalarda oʻzaro manfaatli aloqalarni yoʻlga qoʻyish masalasini oʻrtaga tashladi.
Germaniyaning “Knauf international GMBH” kompaniyasi bilan hamkorlikda Oʻzbekiston tumanida amalga oshirilayotgan, umumiy loyiha qiymati 20 million yevro boʻlgan va yillik 17 million kvadrat metr gipsokarton ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻlgan “Knauf gips Fargʻona” korxonasi kelgusi yilning fevral oyida foydalanishga topshirilishini maʼlum qilgan viloyat hokimi, ushbu loyiha boshqa nemis sarmoyadorlarini ham viloyatga jalb qiluvchi omil boʻlishiga ishonch bildirdi.
Joriy yil avgust oyida mamlakatimizda oʻz faoliyatini boshlagan Tilo Klinner, Fargʻona viloyatining koʻplab sohalarda respublikada old oʻrinlarda ekanidan xabardorligini, aynan shu sababdan Respublikamiz hududlari boʻylab oʻzining ilk tashrifini Fargʻona viloyatiga amalga oshirayotganini qayd etdi.
Germaniya elchisi, Oʻzbekiston uchun kuchga kirgan Yevropa Ittifoqining barqaror rivojlanish va samarali boshqaruv boʻyicha maxsus preferensiyalar tizimi (GSP+) viloyatning tekstil-trikotaj mahsulotlari hamda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari uchun Yevropa, xususan Germaniya bozorida qoʻshimcha imkoniyatlar taqdim etishini taʼkidlab, ishlab chiqarilgan va yetishtirilgan mahsulotlarning har bosqichda sertifikatlash, logistika tizimini takomillashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratish lozimligini, bu borada Germaniya oʻz koʻmagini berishga tayyorligini aytib oʻtdi.
Viloyat hokimi tomonidan aynan tekstil va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash sohalarida mavjud imkoniyatdan toʻla foydalanish, GSP+ tizimi orqali taqdim etilayotgan imtiyozlarni samarali qoʻllash uchun qoʻshimcha moliyalashtirish manbalariga ehtiyoj borligi taʼkidlanib, nemis banklari va moliya tashkilotlarining kam foizli toʻgʻridan kreditlarini bunday loyihalarga jalb etish, bu maqsadda Fargʻona ishbilarmon doiralari hamda nemis bank va moliya institutlari oʻrtasida uchrashuv tashkil etish taklifi bildirildi. Ushbu taklif Tilo Klinner tomonidan ijobiy qabul qilindi, bu uchrashuv noyabr oyining birinchi yarmida, Toshkentda tashkil etiladigan boʻldi.
Shuningdek muzokaralar natijasida Fargʻonada hamkorlikda zamonaviy nemis tibbiyot klinikasi barpo etish, viloyatda Germaniya oliygohlari bilan hamkorlikda qoʻshma oliy taʼlim muassasasi tashkil etish masalalarida ham hamkorlik qilish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Uchrashuvda muhokama qilingan hamda hamkorlik qilish boʻyicha kelishib olingan barcha masalalar yuzasidan viloyat hokimligi hamda Germaniyaning Oʻzbekistondagi elchixonasining qoʻshma “Yoʻl xaritasi”ni tayyorlash hamda uning asosida konstruktiv aloqalarni kengaytirib borishga kelishib olindi, deb xabar beradi Fargʻona viloyat hokimligi matbuot xizmati.