Tumanning “Turk” MFY hududida yillar davomida qishloq xoʻjaligida foydalanilmay yotgan dasht yerlarida bugungi kunda mevazor bogʻlar barq urib yashnamoqda.
“Ashurov Moʻminjon” meva-sabzavotchilik klasteri tomonidan bundan uch yil oldin toshloq yerlar oʻzlashtirilib, 80 gektar maydonda Turkiyadan keltirilgan oʻrik koʻchatlari ekilgan edi. Intensiv usulda parvarishlangan bogʻ ikki yilda hosilga kirdi. Hozirda oʻrik mevasi terib olinib, Markaziy Osiyo davlatlari, Rossiyaga eksportga joʻnatilyapti. Mirishkor bogʻbonlar joriy yilda 100 tonnadan ortiq meva eksport qilishni maqsad qilishgan.
Mevazor bogʻda Turkiya texnologiyasi asosida yuz foiz tomchilatib sugʻorish texnologiyasi joriy etilgan boʻlib, bu suvni anʼanaviy usulga qaraganda kamida besh-olti marotaba tejash hamda sugʻorish bilan bogʻliq boshqa xarajatlarni sezilarli darajada qisqartirish imkonini berayotir. Oʻz navbatida bunday zamonaviy yondashuv natijasida koʻchatlar bir tekis rivojlanib, hosildorlik salmogʻi yuqori boʻlishi taʼminlanyapti.
Meva-sabzavotchilik klasteri qoshida 8 gektar yerda koʻchatchilik tarmogʻi yoʻlga qoʻyilib, bu yil mamlakatimiz boʻylab 2 milliard soʻmlik oʻrik koʻchatlari yetkazib berildi. Hozirda 1 gektar yerda transport-logistika markazi bunyod etilyapti. Bu yerda mahsulotni qadoqlash, yuklash mahsulotlari ishlab chiqarish sexi, 2 ming tonna sigʻimga ega muzlatgichli omborxona tashkil etiladi.
Bugungi kunda 70 ta doimiy va 200 dan ziyod mavsumiy ish oʻrni yaratilgan meva-sabzavotchilik klasteri tasarrufida ilm-fan yutuqlari va innovatsiya gʻoyalari asosida yana 30 gektar mevazor bogʻ barpo etish rejalashtirilmoqda. Bu qoʻshimcha 50 ga yaqin yangi ish oʻrinlari yaratish imkonini beradi.