Ushbu vazifalar doirasida bugun universitetda chet tillari oʻqitish metodikasini ilgʻor zamon talablari asosida tashkil etish, talabalarni xorijiy tillarni puxta oʻzlashtirishlariga erishish yoʻlida amalga oshirilayotgan loyihaga koʻra, Oʻzbekistondagi Amerika Qoʻshma Shtatlari elchixonasi (mamlakat tashqi ishlar vazirligi) hamkorligida Amerikadan Fargʻona vodiysiga taʼlim dasturlari asosida yuborilgan xorijiy pedagog oʻqituvchilar bilan uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvda Amerika Qoʻshma Shtatlari elchixonasining madaniyat va taʼlim ishlari boʻyicha maslahatchisi Sara Talalay, Fargʻona davlat universitetiga 10 oy muddatga taklif etilgan “FULBRIGHT” loyihasi vakili Keti Raymond, ingliz tili mutaxassisi - loyiha vakili Keyt Brijmanlar universitet rektori B.Shermuhammadov bilan samimiy muloqotda boʻldilar. Universitetga taklif etilgan mutaxassislar chet tili fakulteti professor-oʻqituvchilari va shuningdek talabalari bilan intensiv mashgʻulotlar oʻtkazishi va darsdan tashqari toʻgaraklar faoliyati bilan shugʻullanishi rejalashtirilgan.
Uchrashuv chogʻida universitet rektori loyiha vakillari bilan suhbatlashar ekan, Oʻzbekistonda oliy taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan chuqur islohotlar, davlatimiz rahbari tashabbuskorligida sohani rivojlantirishga qaratilgan ishlar borasida alohida toʻxtalib oʻtdilar.
Jumladan, Prezidentimiz raisligida joriy yilning 16-iyun kuni oʻtkazilgan oliy taʼlim tizimini takomillashtirish masalalariga bagʻishlangan videoselektorda belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosi doirasida dunyoning tan olingan va xalqaro reytinglar roʻyxatiga kirgan oliygohlari bilan hamkorlikni kuchaytirish, ushbu reytinglarga kirish choralarini ishlab chiqish, kafedralarning xalqaro hamkorlar bilan ishlashlari uchun sharoitlar yaratish, nufuzli xalqaro oliy taʼlim muassasalari bilan ilmiy yangiliklar almashinuvini yoʻlga qoʻyishda boshchilik qilish, professor-oʻqituvchilar hamda talabalarning xorijiy tillarni oʻzlashtirishlariga imkoniyat yaratish, axborot-resurs markazi elektron resurslar bazasini xalqaro nufuzli adabiyotlar bazasi bilan ulanganlik darajasini kuchaytirish ishlari, kelgusidagi rejalar oʻrtoqlashildi.