Qayd etilishicha, Fargʻona viloyati Fargʻona shahrida “Hududgaz Fargʻona” gaz taʼminoti filiali komplayens nazorat tuzilmalari, tuman gaz taʼminoti boʻlimi, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Oʻzenergoinspeksiya xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan reyd jarayonida qonunbuzilish holati fosh etildi.
Tumanning Universitet koʻchasida joylashgan “Y. X.” CHJga qarashli umumiy ovqatlanish maskanida tabiiy gazdan foydalanish holati xatlovdan oʻtkazildi. Oʻrganish jarayonida korxonada nosoz gaz hisoblagich orqali tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelgani maʼlum boʻldi.
Holat boʻyicha tegishli tartibda dalolatnoma tuzilib, 1 milliard 151 million soʻmlik zarar qayta hisob-kitob qilindi. Barcha materiallar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.