Fargʻona tumanida yashovchi Valiyevlar oilasi 6 nafar yetim bolani asrab oldi

    Ijtimoiy hayot 17 Avgust 2021 3994

    Davlatimiz rahbarining joriy yil 9-avgustda qabul qilingan “Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni tarbiyalashning tubdan yangilangan tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida “Mehribonlik” uylari, Bolalar shaharchalari, oilaviy bolalar uylari va Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimining Bolalar uylari (oʻquv-tarbiya muassasalari) Milliy gvardiyaga biriktirildi. Fargʻona viloyatida mazkur qaror ijrosini taʼminlash ishlariga kirishildi.

    Fargʻona tumani “Chekshoʻra” mahalla fuqarolar yigʻinida istiqomat qiluvchi Nabijon Valiyevlar oilasi Margʻilon shahridagi 1-sonli Mehribonlik uyidan tegishli tartibda 6 nafargacha bolani tarbiyaga olish boʻyicha murojaat qilgan. Milliy gvardiyaning viloyat boshqarmasi mazkur masalani oʻrgandi. Bu oila sharoiti bilan tanishilgach, barcha talablarga javob berishi maʼlum boʻldi.

    Oila uch yildan beri farzand asrab olish uchun tegishli idoralarga murojaat qilib, natija ololmagan. Muammoni Milliy gvardiyaning Fargʻona viloyati boshqarmasi boshligʻi, polkovnik Shavkat Akbarov ijobiy hal qilib berdi. Hujjatlar rasmiylashtirilib, Valiyevlar oilasi Margʻilon shahridagi 1-sonli Mehribonlik uyidan 6 nafar chin yetim bolani farzandlikka olishdi.

    Bolalar oilaga berilganidan keyin Milliy gvardiya va viloyat hokimligi masʼullari ularni oʻz holiga tashlab qoʻygani yoʻq. Bolalardan xabar olinib, suhbatlar tashkil etilmoqda. Shuningdek, ularni oʻqishlari uchun sharoitlar yaratib berishga koʻmaklashilmoqda.

    Nabijon Valiyev koʻp bolalik oilada voyaga yetgan, u tadbirkor , turmush oʻrtogʻi Ziyodaxon Valiyeva esa Fargʻona shahridagi 4-umumtaʼlim maktabida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari lavozimda ishlaydi. Ularning 4 nafar farzandlari endi 10 nafarga yetdi.