Fargʻona viloyatiga 2022-yilda jami 957,4 mln. dollar miqdorida xorijiy investitsiya jalb etildi

    2022-yil yakuniga koʻra, Fargʻona viloyatida yil davomida oʻzlashtirilgan xorijiy investitsiyalar hajmi 957,4 mln. dollarni tashkil etib, 2021-yilgi koʻrsatkichga (512,3 mln. dollar) nisbatan oʻsish 445 mln. dollarga yoki 187 foizga teng boʻldi.

    2022-yil davomida viloyat iqtisodiyotiga investitsiyalar kiritish boʻyicha Xitoy (375,1 mln. dollar), Rossiya Federatsiyasi (190,3 mln. dollar), Shveysariya (83,8 mln. dollar), Janubiy Koreya (78,8 mln. dollar), Germaniya (65,4 mln. dollar), Singapur (32,5 mln. dollar) va Turkiya (30,3 mln. dollar) davlatlari yetakchilik qildi, Fargʻonaga investitsiya kiritgan mamlakatlarning umumiy soni 30 taga yetdi.

    2022-yilda sanoat, farmatsevtika, taʼlim, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash sohalari investorlar uchun eng jozibador boʻlib qoldi. IT va innovatsion texnologiyalar sohalari ham yaxshi oʻsish dinamikasini koʻrsatdi.

    2022-yilda Standard & Poorʻs xalqaro reyting agentligi (S&P Global Ratings) tomonidan viloyat byudjetining yuqori koʻrsatkichlari hamda tijoriy qarzdorlikning mavjud emasligi alohida eʼtirof etilib, Fargʻona viloyatiga B+ darajasidagi “Barqaror” prognozli kredit reytingini berilgani ham xorijiy sarmoyadorlar uchun viloyatimizning investitsion jozibadorligini yanada oshirdi.

    – Xorijiy investorlar va tadbirkorlarga yaratib berilayotgan bir qator qulay shart-sharoitlar natijasida viloyatda faoliyat yuritayotgan xorijiy kapital ishtirokidagi korxona soni 2020-yilga nisabatan 188 taga koʻpayib, 596 taga yetdi,–deydi viloyat hokimining oʻrinbosari Iqboljon Ergashev.

    Fargʻona viloyatida xorijiy kapital ishtirokida faoliyat koʻrsatayotgan korxonalar soni eng yuqori boʻlgan davlatlar orasida Xitoy Xalq Respublikasi 145 ta korxona hisobiga yetakchilik qilmoqda. Keyingi oʻrinlarda Rossiya bilan 142 ta, Turkiya davlati bilan 69 ta Koreya Respublikasi bilan 44 ta, Qirgʻiziston bilan 41 ta, va Eron Islom Respublikasi sarmoyasi ishtirokida 15 ta korxona faoliyat olib bormoqda.