Hududlar iqtisodiyotiga eʼtibor natijasida Fargʻonada ham imkoniyatlar yuzaga chiqmoqda. Soʻnggi 7-yilda sanoat korxonalari qariyb 3 barobar koʻpayib, 13 mingtaga yetgan. Investitsiya loyihalari natijasida 116 mingta ish oʻrni yaratilgan.
Davlatimiz rahbarining shu yil iyul oyidagi tashrifi iqtisodiyot rivojiga yangi surʼat bagʻishladi. Bu yil 10 oyda xorijiy investitsiyalar hajmi 1,5 milliard dollarni, eksport koʻrsatkichi 910 million dollarni tashkil qildi.
Endi buni kelgusi yilda ham davom ettirib, investitsiya, ish oʻrni va eksportni koʻpaytirish zarur. Yigʻilishda Prezident bu boradagi imkoniyatlardan ayrimlarini koʻrsatib oʻtdi.
Yaqinda “Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasi Quvasoy shahri hisobidan 210 gektarga kengaytirildi. Bu hududda umumiy qiymati 1 milliard dollarlik 185 ta loyihani joylashtirib, qariyb 12 mingta ish oʻrni yaratish mumkin. Shuningdek, Qoʻqonda 71 gektarda texnopark tashkil etilishi birinchi bosqichda 900 million dollarlik, 5 ming ishchilik korxonalarga yoʻl ochadi.
Xitoylik ishbilarmonlar bilan 1 milliard dollarlik, Janubiy Koreya bilan 240 million dollarlik investitsiyaviy kelishuvlarga erishilgan. Ularni amalga oshirish uchun viloyat tuman va shaharlarida 1 ming 210 gektarda sanoat zonalari tashkil qilishga zarurat bor. Boʻlajak korxonalarda 30 ming kishi, jumladan, kambagʻal oila vakillari ish bilan taʼminlanadi.
Beshariq tumanida savdo-logistika markazi qurilishi boshlangan. U, xuddi Termizdagidek, erkin savdo zonasiga aylantirilib, doʻkonlar tadbirkorlarga ijaraga beriladi. Buning samarasida viloyat eksporti qoʻshimcha 50 million dollarga, ish oʻrinlari esa 2 mingga koʻpayadi. Shunday majmuani Quvasoy shahrida ham barpo etish mumkin.
Qishloq xoʻjaligida ham katta imkoniyatlar bor. Fargʻonada aholi ixtiyorida, yoʻl va dala chetlarida, suv va oʻrmon fondida jami 91 ming gektar yer mavjud. Ulardan unumli foydalanib, mahsulotlarni hamda qayta ishlashni koʻpaytirish zarur.
Masalan, Fargʻona tumanidagi 15 ta mahallada yiliga 6 ming tonna malina yetishtiriladi. Ularga yaqin hududdan yer berilsa, tadbirkor malinani saqlash, qayta ishlash va qadoqlashni yoʻlga qoʻyib, qoʻshilgan qiymatni 2,5 karra oshirish taklifini bildirgan. Boshqa bir tashabbuskor Soʻxdagi oʻrmon yerini ijaraga olib, 800 gektarda kavrak, 50 gektarda zaʼfaron yetishtirmoqchi.
Oltiariqdagi ikkita nasos stansiyasiga 9 kilometr quvur tortib, quvvatini oshirish orqali 1 ming 400 gektarda intensiv bogʻ qilsa boʻladi. Unda qoʻshimcha 55 ming tonna eksportbop meva yetishtiriladi.
Yigʻilishda Fargʻona viloyati hokimi shu kabi imkoniyatlarni ishga solish boʻyicha rejalarini taqdimot qildi. Xususan, kelgusi yilda 3,7 milliard dollar investitsiya olib kelish, eksportni 1,5 milliard dollarga yetkazish moʻljallangan. 500 ming fuqaroning bandligini taʼminlash, 22 ming oilani kambagʻallikdan chiqarish vazifa qilib olingan.
Davlatimiz rahbari bu takliflarni takomillashtirib, viloyat iqtisodiyotini rivojlantirish boʻyicha qaror tayyorlashga koʻrsatma berdi. Eksportchilarga barcha qulayliklarni yaratish, bandlikka koʻmaklashib, ishsizlikni kamaytirish zarurligi taʼkidlandi. Hokimlar va boshqa mutasaddilarning bu boradagi masʼuliyatini oshirish shartligi belgilandi.