Fargʻona vodiysidan gekkonlarning jahon faunasi uchun yangi turi topildi

    Fan 9 May 2022 3459

    Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti ilmiy xodimlari tomonidan Fargʻona vodiysida yashovchi kamyob va endemik sudralib yuruvchilarning terisidan olingan namunalar ustida olib borilgan genetik tadqiqot natijalariga koʻra dunyo faunasi uchun ilk marotaba Alsophylax sp. gekkoni aniqlandi.

    Bu haqda Fanlar akademiyasi axborot xizmati xabar berdi

    Xabarda aytilishicha, Fargʻona vodiysida koʻplab zoologik tadqiqotlar oʻtkazilganiga qaramay, bu tur endigina kashf etildi. Bu, ehtimol ushbu turning maxsus biologiyasi va ekologiyasi bilan bogʻliq.

    Ushbu tur kichik oʻlchamga ega boʻlib, voyaga yetganlarining kattaligi boshi bilan oʻrtacha 3 - 3,5 santimetrni tashkil qiladi. Bu tur faqat tungi faol boʻlib, xavf tugʻilganda tuproqning yoriqlari va notekis joylariga yashirinadi. Shuningdek, bu tur akustik signallar yordamida muloqot qiladi.

    Aytish joizki, bu tur hozirgacha faqat Oʻzbekiston hududida topilgan.