Fargʻonada AKIS maslahat xizmatlari markazi tomonidan ilk tajriba loyihasi tashkil etildi

    Ta'lim 18 May 2022 1869

    Endi agrar yoʻnalishdagi oliy oʻquv yurtlari talabalari AKIS zamonaviy bilim, innovatsiya va xizmatlar tizimida ishlashga tayyorlanadi.

    Fargʻonada AKIS huzuridagi maslahat xizmatlari markazi tomonidan agrar oliygohlarning eng yaxshi talabalari uchun oʻquv treninglarini oʻtkazish boʻyicha ilk tajriba loyihasi tashkil etildi. Kelgusida ishtirokchilar Fargʻona viloyatidagi Qishloq xoʻjaligida bilim va xizmatlar AKIS markazi mutaxassisi boʻlib yetishadi. Trening Jahon banki Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasining “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini modernizatsiyalash” loyihasi doirasida tashkil etildi.

    Birinchi mashgʻulot 10-13-may kunlari Fargʻona shahrida boʻlib oʻtdi. U Jahon banki ekspertlari tomonidan Yevropa Ittifoqining ASK Facility loyihasi mutaxassislari bilan hamkorlikda oʻtkazildi. Trening ishtirokchilari Fargʻona viloyatidagi agrar sohadagi oliy taʼlim muassasalarining 37 nafar eng yaxshi 4-kurs talabalari boʻlib, ular Fargʻona shahridagi Qishloq xoʻjaligida bilim va xizmatlar AKIS markazida kelgusida ishlash uchun nomzod sifatida koʻriladi. (AKIS – Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi).

    Trening ikkita moduldan iborat boʻldi. Birinchi modulda ekspertlar asosiy maslahat berish koʻnikmalari va bilimlarni uzatish usullari bilan oʻrtoqlashdi, ikkinchi modulda esa Maqbul qishloq xoʻjaligi amaliyoti standarti (GAP) boʻyicha maʼlumotlar taqdim etildi. Bular atrof muhitni muhofaza qilish, oziq-ovqat xavfsizligi va hayvonlar farovonligi borasidagi standartlardir. Oʻquv mashgʻulotlari ishtirokchilari nazariy bilimlar bilan bir qatorda toʻrtta fermer xoʻjaligidagi dala ishlar bilan ham bevosita tanishishdi.

    Tashkilotchilar koʻzda tutganidek, Markazning boʻlajak mutaxassislarini tayyorlashning bunday amaliyoti murakkab dala ishlari ustidan nazoratni osonlashtiradi va fermerlarning yuqori natijalarga erishishini oʻz vaqtida qoʻllab-quvvatlash imkonini beradi, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.

    Yangi talabalar uchun ana shunday trening keyingi haftada 16-19-may kunlari Samarqand shahrida, soʻngra Toshkent viloyatida (Chirchiq) oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Treningning barcha ishtirokchilariga sertifikatlarni topshirish marosimi may oyining oxiri – iyun oyi boshida tashkil etiladi.