Fargʻona viloyati Uchkoʻprik tumani. Begboʻtasoy qishlogʻida yashovchi fuqaro IIBga murojaat qilib, unda 17-oktyabr kuni soat 12:00 dan 14:00 ga qadar boʻlgan vaqt oraligʻida nomaʼlum shaxs yashash xonadoniga gʻayriqonuniy ravishda kirib, yotoqxonasidagi javondan narxi 56 100 000 soʻmlik tilla-taqinchoqlarini yashirin ravishda oʻgʻirlab ketganini maʼlum qilgan.

Mazkur holat yuzasidan Uchkoʻprik tumani IIB huzuridagi tergov boʻlimi tomonidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “b,g” bandi (oʻgʻirlik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Olib borilgan tezkor qidiruv harakatlari davomida ushbu jinoyatni sodir etganlar uch nafar ayol kishi ekanligi aniqlanib, tergov harakatlari olib borilyapti.

Eslatib oʻtamiz, Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismida koʻrsatilgan jinoyatni sodir etgan shaxs besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi, deb xabar beradi IIV matbuot xizmati.