Maʼlumki, bu ikki tuzilma xalqaro hamjamiyatda oʻrta boʻgʻinda mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish borasida ulkan salohiyatga ega. Shu bois dunyoning koʻplab mamlakatlarida katta hayotiy tajribaga ega va ishonchli hamkor sifatida samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻygan.
Uchrashuvda viloyatdagi tekstil sohasida faoliyat olib borayotgan ishchi-xodimlarning malakasini oshirish, ularga zamonaviy texnologiyalar bilan ishlash borasida koʻnikmalar berish hamda Fargʻona paxta-toʻqimachilik sanoati mahsulotlarini Germaniya, shu bilan birga Yevropa bozorlariga eksport qilish imkoniyatlarini kengaytirish hisobiga ikki tomonlama hamkorlik koʻlamini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Ayni jarayonda viloyatda faoliyat koʻrsatayotgan paxta-toʻqimachilik klasterlari bilan faol hamkorlik qilish masalalari boʻyicha oʻzaro fikr almashildi.
Germaniya trikotaj ishlab chikaruvchilar konfederatsiyasi bosh menejeri Silvia Jangbauyer qabul uchun minnatdorlik bildirib, 2022-yil oktyabr oyida viloyatga tashrifi davomida tekstil sohasida zamonaviy texnologiyalar bilan ishlay oladigan ishchi-mutaxassislarni oʻqitish, qayta tayyorlash boʻyicha hamkorlikda ishlab chiqilgan loyiha yanada takomillashtirilganini taʼkidladi. Istiqbolli loyiha tasdiqlanib ijrosiga kirishilsa u Oʻzbekistonda birinchi boʻlib Fargʻona viloyatida hayotga tadbiq etilishidan behad mamnun boʻlishini maʼlum qildi.
Muloqotda viloyat hokimi tekstil sohasida xalqaro miqyosda malakali mutaxassislar tajribasini oʻrganishga ehtiyoj borligiga eʼtibor qaratib, bu loyihani har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi. Bu borada Qoʻshtepa tumanida joylashgan “Oqtepa” kichik sanoat zonasidagi “Global textile infinity” korxonasida Muhandislik maktabi faoliyati yoʻlga qoʻyilayotganini aytib, xorijlik mutaxassislarni oʻzaro hamkorlikda ishlashga taklif etdi.
Oʻz navbatida germaniyalik hamkorlar taklifni maʼqullab, Muhandislik maktabi joyi bilan tanishish va hamkorlikda ish tashkil etishga qiziqish bildirdilar.
Muloqotda tekstil sohasi rivojiga hissa qoʻshishi kutilayotgan mazkur loyiha Oʻzbekiston-Germaniya oʻrtasida yana bir yoʻnalishda hamkorlikni kengaytirishda gʻoyatda ahamiyatli ekanligi qayd etildi.