Fargʻonada giyohvandlik vositalari savdosi bilan shugʻullangan shaxslar qoʻlga olindi

    Fargʻona viloyatida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi oʻtkazilgan tezkor tadbirlar davomida bir nechta shaxslar ushlandi.

    Birinchi holatda, DXX, IIB va Bojxona organlari tomonidan oʻtkazilgan chora-tadbirda Margʻilon shahrida yashovchi, 1996-yilda tugʻilgan fuqaroning “Matiz” avtomashinasi tekshirilib, salondan 866 gramm gashish moddasi topildi. Gumonlanuvchi undan foyda qilishni maqsad qilgani maʼlum boʻldi. Unga nisbatan JKning 25 orqali 273-moddasi 5-qismi bilan ish qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllandi. Tergov olib borilmoqda.

    Ikkinchi holatda esa, DXX, IIB va Bojxona organlari xodimlari tomonidan Fargʻona shahrida oʻtkazilgan tadbirda Fargʻona va Andijonlik ikki nafar shaxs mablagʻ evaziga kuchli taʼsir qiluvchi preparatlarni sotish paytida qoʻlga olindi. Ular Qirgʻiz Respublikasidan kontrabanda yoʻli bilan olib kirilgan 4508 dona “Regapen” dorisini 12 800 AQSH dollariga xaridorga topshirmoqchi boʻlgan.

    Ularga nisbatan JKning 28 orqali 246-moddasi 1-qismi va 251¹-moddasi 5-qismi bilan ish qoʻzgʻatilib, qamoqqa olish chorasi qoʻllandi. Tergov harakatlari davom etmoqda.

    Taʼkidlanishicha, giyohvandlik vositalari aylanmasi jamiyat uchun jiddiy xavf tugʻdiradi. Mutasaddilar ushbu illatga qarshi kurashish barcha uchun burch ekanini eslatmoqda.