Bugun Prezident maslahatchisi Baxtiyor Islomov boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi tashabbusi bilan Fargʻona shahridagi koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatida taʼlim-tarbiya olayotgan oʻquvchilar uchun shahardagi “Fayz” tantanalar majmuasida tadbir tashkil etildi.
Tadbir davomida oʻrganishlar jarayonida maktab-internati jamoasi tomonidan bildirilgan takliflardan kelib chiqib Brayl yozuvidagi badiiy kitoblar, sport va musiqa toʻgaraklari uchun jihozlar, oʻquvchilar uchun kiyim-kechaklar taqdim etildi.
Shundan soʻng maktab-internati oʻquvchi va oʻqituvchilari tomonidan vatanni, tinchlikni, mehr-oqibatni tarannum etuvchi qoʻshiq va sheʼrlar ijro etildi. Oʻquvchilar oʻz qoʻllari bilan yasagan gullar va boshqa buyumlarni ustozlari hamda mehmonlarga taqdim etdilar.
Ichki ishlar vazirligi madaniyat saroyi ashula va raqs ansambli hamda fargʻonalik taniqli sanʼat namoyondalari tomonidan ijro etilgan diltortar kuy-qoʻshiqlarga bolajonlar miriqib raqsga tushdilar.
Maktab-internati pedagogik jamoasi hamda oʻquvchilari koʻrsatilgan eʼtibor va gʻamxoʻrlik uchun Davlatimiz rahbariga hamda tadbirning barcha tashkilotchilariga minnatdorchilik bildirdilar, deb maʼlumot bermoqda Fargʻona viloyat hokimligi matbuot xizmati.