Oxirgi yillarda Oʻzbekiston hukumati tomonidan ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar taqdiriga, keyinchalik ularning jamiyat hayotiga moslashib ketishiga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda.

Bu borada Prezidentimizning qabul qilgan "Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni tarbiyalashning tubdan yangilangan tizimini joriy etish chora-tadbirlari" toʻgʻrisidagi 09.08.2021-yildagi PQ-5215-sonli qarori ayni muddao boʻldi. Ushbu qaror chiqqan kunidan boshlab uning ijrosini taʼminlashga kirishib ketildi. Bolalarni jamiyatdan uzilib qolishini oldini olib, oilaga yaqin muhitda tarbiyalab voyaga yetkazish maqsadida Prezident qaroriga koʻra, joylarda oilaviy bolalar uylari ochilmoqda. Xususan, Fargʻona viloyatida oxirgi 3 oy ichida bu kabi xayrli ishlar izchillik bilan amalga oshirilib oilaviy bolalar uyi soni koʻpaydi.

Qalbi daryo Fargʻonalik yana bir oila Qoʻqon shahridagi 12-mehribonlik uyidan 8 nafar bolani oʻzining qaramogʻiga oldi. Gap shundaki ushbu oila bekasi Mansurova Robiyaxon pedagog. Ayni damda 12-mehribonlik uyida tarbiyachi lavozimida ishlab keladi. Tarbiyasiga olgan farzandlari 4 nafar qiz va 4 nafar oʻgʻil bolani tashkil etadi. Bolalarning otasi Q.Farmonov xususiy korxonada ishlaydi. Tarbiyachi u yerdagi bolalarni oʻz bolasiday koʻrib qolgani, hayoti mazmuniga aylangani sabab mehr bergan bolalarini farzandlikka olishga qaror qilib Fargʻona viloyat Milliy gvardiyasi boshqarmasi boshligʻi, polkovnik Shavkat Akbarovga murojaat qiladi. Milliy gvardiya va Xalq taʼlimi xodimlari yordami bilan rasmiylashtirish ishlari oson kechadi.

Masʼullar talabgorning oilaviy hayotini oʻrganganda uning uyi «Oilaviy bolalar uyi ochishga toʻla mos kelishini aniqlaydi. Shundan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 31-iyuldagi 158-sonli Qaror bilan tasdiqlangan «Oilaviy bolalar uyi toʻgʻrisidagi nizomning 8-bandiga asosan Qoʻqon shahar Qaymoqli goʻzar 14-sonli MFY.da «Qalb koʻzgusi nomli oilaviy bolalar uyi ochishadi. Ushbu xonadon bilan Fargʻonadagi Oilaviy bolalar uyi soni 6 taga yetdi.

Kuni kecha ushbu moʻjazgina uyning ochilishi boʻlib oʻtdi. Unda viloyat Milliy gvardiyasi boshqarmasi boshligʻi Sh.Oʻ.Akbarov, sektor rahbarlari va boshqa masʼullar qatnashdilar. Taʼkidlash joizki ushbu oila Milliy gvardiya boshqarmasi tomonidan dars qilishi uchun stol-stullar hamda, yotoqxona mebellari bilan taʼminladi. Bugun bolajonlar toʻrt devor orasida emas balki, chinakam oila davrasida yashamoqdalar. Ularning endi ota-onalari bor. Ular ham hamma qatori dada, oyi, soʻzini qoʻrqmay ayta olishadi. Umid qilamizki hamma kabi jamiyatga qoʻshilib hayotning lazzati mehrda ekanligini his qilishadi.

Eslatish joizki mavjud qonunchilikka koʻra Oilaviy bolalar uyi ochgan xonadonlar barcha turdagi kommunal toʻlovlardan ozod etiladi, davlat tomonidan har bir bola uchun moddiy yordam puli toʻlab beriladi. Bolalarning oliy taʼlimga oʻqishga kirish va davlat tomonidan uy-joy olish imtiyozlari saqlab qolinadi.

Shermuhammad Dehqonov,

Huquqshunos bloger