Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, Fargʻona shahridagi “Asia” mehmonxonasining anjumanlar zalida Yaponiya investorlari ishtirokida “Shogun City” loyihasiga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.

Tadbirda viloyat hokimi oʻrinbosari Xurshid Ahmedov, Fargʻona shahar hokimi Vosiljon Nazarov, “Oʻzbekiston–Yaponiya savdo uyi” rahbari Bunyodbek Ibragimov, viloyatimizga tashrif buyurgan Okuda Takefumi boshchiligidagi Yaponiya ishbilarmonlar delegatsiyasi va tadbirkorlar ishtirok etdi.

Yapon bogʻi, mehmonxona va restoranlar majmuasini oʻz ichiga olgan yirik va zamonaviy “Shogun City” loyihasi Yaponiyaning “Micado Development” kompaniyasi tomonidan Fargʻona shahridagi “Yangi Oʻzbekiston” massivi — “Ekochahar” hududida amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida yapon madaniyati va meʼmorchiligi anʼanalari uygʻunlashgan zamonaviy turar-joy majmuasi hamda biznes markazi barpo etiladi.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar Oʻzbekiston va Yaponiya davlatlari rahbarlari oʻrtasidagi yaqin, oʻzaro ishonchga asoslangan munosabatlar natijasida soʻnggi yillarda koʻplab sohalarda hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini, yurtimizda investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratilganini alohida taʼkidladilar.

Fargʻona viloyati bilan Yaponiya oʻrtasidagi koʻp tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishda “Shogun City” loyihasi muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

Loyihaning umumiy qiymati 60 million AQSH dollarini tashkil etadi. Bu mening shaxsiy faoliyatim va Yaponiya uchun ham juda katta loyiha. Kelgusida Oʻzbekiston va Fargʻona uchun yirik biznesga aylanishiga ishonaman, — dedi Okuda Takefumi.

Shuningdek, ushbu loyiha yapon investorlari uchun viloyatda faoliyat boshlashda oʻziga xos platforma boʻlishi, hududning turizm salohiyatini yanada oshirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Tadbir doirasida viloyat rahbariyati, investorlar va hamkorlar ishtirokida loyihaga rasman start berildi.

Shuningdek, Okuda Takefumi boshchiligidagi Yaponiya ishbilarmonlar delegatsiyasi Fargʻona shahridagi “Yangi Oʻzbekiston” massivida olib borilayotgan qurilish-bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. Ushbu hududda “Shogun City” loyihasining birinchi bosqichi — “Sakura Garden” zamonaviy turar-joy majmuasi ofisining tantanali ochilish marosimi ham boʻlib oʻtdi.