Davaktiv agentligi Fargʻonadagi “Yoshlar koʻli” xususiy MCHJga berib yuborilayotgani boʻyicha bayonot bilan chiqdi. Unda agentlik mazkur inshoot Sport vazirligiga qaytarilishini maʼlum qilgan.
"Fargʻona viloyati hokimining 2024-yil 29-yanvardagi tegishli qaroriga asosan Fargʻona shahar, “Oybek” MFY hududida joylashgan sobiq “Yoshlar koʻli” bino-inshootlari “Unays Building” MCHJga investitsiyaviy va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish uchun foydalanish huquqi bilan berilganligi, yaʼni sotilmaganligi maʼlum boʻldi.
Mazkur masalaga aniqlik kiritish boʻyicha oʻrganishlarda ushbu obyekt Sport vazirligi tomonidan samarali foydalanish uchun Fargʻona shahar hokimligi balansiga Fargʻona viloyat hokimining 2022-yil 30-dekabrdagi qaroriga asosan oʻtkazib berilganligi, biroq hokimlik tomonidan obyektga nisbatan kadastr hujjatlari rasmiylashtirilmaganligi aniqlandi" deyiladi bayonotda.
Ushbu holatda, “Davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni bilan belgilangan tartib talablari bajarilmagan.
Xususan, Qonun talablariga koʻra, davlat koʻchmas mulk obyektlarini, idoraviy mansubligidan qatʼi nazar, operativ boshqaruv huquqi asosida bir davlat muassasasi yoki davlat unitar korxonasidan boshqa davlat muassasasi yoki davlat unitar korxonasiga oʻtkazish toʻgʻrisida qaror Davaktiv agentligi tomonidan tegishli davlat organlari bilan kelishuvga koʻra qabul qilinishi belgilangan.
Shunga koʻra, amaldagi qonunchilik bilan belgilangan tartiblar buzilganligi munosabati bilan Davaktiv agentligi tomonidan:
- Sport vazirligiga obyektni Sport maktabi balansiga qaytarib olish;
- Fargʻona viloyati hokimligiga obyektni Fargʻona shahar hokimligi balansiga oʻtkazish va “Unays building” MCHJga foydalanishga berish toʻgʻrisidagi qarorlarni bekor qilish boʻyicha joriy yil 6-mart kuni tegishli koʻrsatmalar yuborilgan.
Oʻz navbatida, Davaktiv agentligi tomonidan ushbu davlat mulki obyektini tegishli Sport maktabi balansiga qaytarish masalasi qatʼiy nazoratga olingan.
Bir necha kun avval Fargʻona viloyati hokimi tomonidan Fargʻona shahri markazidagi “Yoshlar koʻli” hududi mehmonxona, restoran, savdo majmuasi va turar joy qurish uchun ochilganiga hali bir oy toʻlmagan firmaga berib yuborilgani maʼlum boʻlgandi. Hudud MCHJga mehmonxona, restoran, savdo majmuasi va turar joy qurish sharti bilan doimiy muddatga biriktirib berilgan.