Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Akmalxon Ortiqov “Oʻzbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida maʼlum qildi.
Unga koʻra, prezident 17-oktyabr kuni boʻlib oʻtgan yigʻilishda xususiylashtirish sohasidagi aniq vazifalar va ularni hal etish mexanizmlarini belgilab bergan.
“2025-yilda ham xususiylashtirish ishlarini jadallashtirish topshirildi. Buning barcha mexanizmlari, qanday amalga oshirish kerakligi boʻyicha aniq vazifa va yechimlarni prezident belgilab berdi. Aytdilarki, 2025-yil barcha sohada xususiy sektorni jalb qilish yili boʻladi… Prezident raqamlashtirish va xususiylashtirish masalalari boʻyicha oʻrinbosar darajasidagi rahbarni tayinlash toʻgʻrisida koʻrsatma berdi”, — dedi Akmalxon Ortiqov.
Unga koʻra, Shavkat Mirziyoyev 2025-yilda davlat korxonalari, vazirlik va idoralar oldiga xususiy sektorni jalb etish, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy etish, keraksiz obyektlarni sotish boʻyicha vazifalar qoʻygan.
“Katta-katta davlat korxonalarida transformatsiya jarayonini tezlashtirish va xalqaro bozorlarga chiqish, shuningdek, xarajatlarni qisqartirish va mehnat samaradorligini oshirish boʻyicha vazifalar belgilab berildi”, — dedi u.
Davaktiv rahbari davlat korxonalarini xususiylashtirish va boʻsh yerlarni auksion orqali sotish boʻyicha 2025-yilga moʻljallangan yangi dasturni tayyorlash rejalashtirilganini aytdi.