Qayd etilishicha, tegishli xususiylashtirish dasturlariga muvofiq, Davaktiv agentligi Foton ustav kapitalidagi davlat ulushini professional konsultantni jalb etgan holda muzokaralarga ommaviy ravishda taklif qilish yo‘li bilan tashkillashtirilgan xususiylashtirish natijalari bo‘yicha 151 milliard so‘m sotib olish to‘lovi bilan Havvo Group MCHJ savdo g‘olibi deb topilgan.
G‘olib tomonidan kelajakda korxonaning ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish, mahsulotlar turini va realizatsiyasi geografiyasini yanada kengaytirish, boshqaruv samaradorligini oshirish, shuningdek, korxona faoliyatiga zamonaviy korporativ boshqaruv tizimlarini joriy etish va barqaror rivojlantirishni taʼminlash rejalashtirilgan.
Taʼkidlanishicha, xaridorning taklifi konsultant tomonidan hisoblangan korxonaning indikativ narxlar oralig‘ining yuqori qismida joylashgan hamda korxonaning baholangan qiymatidan yuqori.
Korxonani xususiylashtirish natijalari Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish davlat komissiyasining tegishli qarori bilan maʼqullangan.
2023-yilda Foton tomonidan 14,5 ming dona mahsulotlar ishlab chiqarilgan bo‘lib, sof tushumi 36,4 milliard so‘mni, sof foydasi 1,4 milliad so‘mni, sof aktivlari 20,1 milliad so‘mni va majburiyatlari 1,8 milliad so‘mni tashkil qilgan.
- Ma’lumot uchun, Foton zavodiga 1942-yilda asos solingan bo‘lib, hozirda 68 ming metr kvadratga yaqin maydonda ikkita ishlab chiqarish binosiga ega.
- 2020-yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, davlat 257 mutaxassis ishlaydigan korxonaning 83,15 foiz aksiyalariga egalik qilgan.