“Oʻztemiryoʻlkonteyner” AJning 35 foiz aksiyalari 200 mlrd soʻmga sotildi

    Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Oʻztemiryoʻlkonteyner” AJ aksiyalarining bir qismi xususiylashtirilganini eʼlon qildi.

    Qayd etilishicha, xususiylashtirish jarayonida konsultant sifatida tanlangan Alkes Researchʼga MDH, arab, Janubi-Sharqiy Osiyo va Yevropa davlatlaridagi 6 nafar xalqaro va mahalliy investorlar tomonidan sotib olishga qiziqish bildirish toʻgʻrisidagi arizalar kelib tushgan.

    Konsultant tomonidan mazkur bosqichda avvaldan belgilangan mezonlarga muvofiq boʻlgan 5 nafar talabgor xususiylashtirish jarayonining keyingi – majburiyatga ega takliflarni taqdim etish bosqichida ishtirok etish uchun taklif qilingan.

    «Ushbu bosqichda talabgorlar bilan Axborotni oshkor etmaslik toʻgʻrisida bitim imzolanib, konsultant tomonidan tayyorlangan korxonaning moliyaviy, soliq, huquqiy va ekologik faoliyati yuzasidan kompleks tahlil hisobotlari joylashtirilgan virtual maʼlumotlar xonasiga kirish va Korxonaning boshqaruv organi bilan uchrashish imkoniyati yaratildi», — deyiladi xabarda.

    Belgilangan muddatlarda uch nafar talabgor tomonidan majburiyatga ega takliflar taqdim qilingan. Natijada, korxonani sotib olish uchun eng yuqori narx taklifini bildirgan “Cotton Logistics” MCHJ 200 milliard soʻm miqdorida sotib olish toʻlovini toʻlash sharti bilan savdo gʻolibi deb topilgan.

    «Xaridor tomonidan kelajakda korxonaning biznes jarayonlarini raqamlashtirish va respublikaning tranzit salohiyatidan samarali foydalanish, yuk tashishda tannarx va xarajatlarni kamaytirish, shuningdek, korxona faoliyatiga zamonaviy korporativ boshqaruv tizimlarini joriy etish va barqaror rivojlantirishni taʼminlash rejalashtirilgan. Shuningdek, xaridorning taklifi konsultant tomonidan hisoblangan korxonaning indikativ narxlar oraligʻining yuqori qismida joylashgan hamda korxonaning baholangan qiymatidan yuqori», — deyiladi xabarda.

    Korxonani xususiylashtirish natijalari Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish davlat komissiyasining tegishli qarori bilan maʼqullangan.

    Taʼkidlanishicha, tegishli xususiylashtirish dasturlariga muvofiq, “Xalqchil IPO” dasturi doirasida “Oʻztemiryoʻlkonteyner” AJ 4 foiz aksiyalarining mahalliy fond bozorida ommaviy taklifi oʻtkaziladi.

    Maʼlumot uchun, “Cotton Logistics” MCHJ – Oʻzbekistonning eng yirik transport-logistika kompaniyalaridan biri boʻlib, yuk aylanmasi 1 mln tonnani tashkil etadi. Kompaniya oʻzining 480 ta vagondan iborat shaxsiy harakat tarkibi parkiga ega. Shuningdek, kompaniya boshqaruvida 1000 dan ortiq harakat tarkibi mavjud.