Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni birinchi oʻrinbosari Jamshid Karimov, viloyat sektorlari rahbarlari, viloyat Mudofaa va Xavfsizlik tizimlari rahbarlari Rishton tumanida yashovchi Abdulhay ota Azizov, Buvayda tumanida yashovchi Kenjaboy ota Egamqulov va Uchkoʻprik tumanida umrguzaronlik qilayotgan Dehqon ota Qurbonov xonadonlarida boʻlishib, otaxonlarni va ularning oila aʼzolarini bayram bilan tabrikladilar.
Rishtonlik Abdulhay ota Moskva ostonalarida boʻlgan janglarda ishtirok etgan. Urushdan qaytgach, 53 yil xalq taʼlimi sohasida mehnat qilgan, soha rivojiga qoʻshgan katta hissasi uchun qator ordenlar bilan mukofotlangan. 3 oʻgʻil, 4 qizni tarbiyalab uyli-joyli qildi.
Otaxon 98 yoshda ham shijoatli. Shu yoshda ham uchrashuvlarda ishtirok etib, yoshlarga chegara tinch boʻlsa, yurt ham tinch boʻlishi, tinchlikni qadrlash, shukronalik hissi bilan yashash kerakligini uqtirib kelayotganini aytib oʻtdi. Soʻnggi yillarda Davlatimiz rahbari tomonidan amalga oshirilgan islohotlarga “Oʻzbekiston, eski toʻnini yechib, yangi toʻn kiydi” deb baholagan otaxon, xalqimiz bugungi toʻkin-sochinlik, dorulomon kunlarni qadriga yetish kerakligini aytib, duoga qoʻl ochdi.
Buvaydalik Kenjaboy ota ham mehmonlarni ochiq chehra bilan kutib oldi. Otaxon suhbat davomida urush davrida boshidan oʻtkazgan sinovlar, qiyinchiliklar, koʻrsatgan qahramonliklari haqida soʻzlab berdi.
Kenjaboy ota 1943-yil noyabr oyida jangovor topshiriqlarni bajarish chogʻida chap oyogʻidan yarador boʻlgandan soʻng Vatanga qaytgan. Urushdan keyin 1945-yildan 1984-yilgacha turli masʼul lavozimlarda faoliyat olib bordi. Kenjaboy ota urushda koʻrsatgan qahramonliklari uchun qator orden va medallar bilan taqdirlangan.
Kenjaboy ota urush davrini yodga olar ekan, bugungi zamon yoshlari unday qaro kunlarni koʻrmasliklarini, yurtga tinchlik tilab duo qildi.
Uchkoʻpriklik Dehqonboy ota 98 yoshni qarshiladi. Minglab oʻzbekistonliklar qatori u ham qoʻliga qurol olib, fashizmga qarshi kurashdi. Urushdan keyin temiryoʻl tizimida, kolxozda ishladi.
Turmush oʻrtogʻi Moʻtabarxon aya bilan 5 qiz, 1 oʻgʻilni tarbiyaladi. Hozirda otaxon 100 dan ziyod nabira-yu, chevara-evaralar qurshovida bugungi tinch-osoyishta va farovon oʻtayotgan har bir kun uchun shukronalar aytib yashamoqda.
Urushning ayovsiz, dahshatli kunlarini boshdan kechirgan otaxonlar bugungi toʻkin hayotdan, Prezidentning eʼtibor va gʻamxoʻrliklaridan mamnun ekanliklarini izhor qildilar.