Farhod GES – yangi quvvatlardagi barqaror elektr energiya sari!

    Energetika 5 Oktabr 2023 1108

    Bugun, 5-oktabr kuni Farhod GESning modernizatsiyadan soʻng, yangilangan energetik quvvatda ishga tushirilishiga bagʻishlangan tantanali tadbir oʻtkazildi.

    Tadbirni “Oʻzbekgidroenergo” AJ Boshqaruvi raisining birinchi oʻrinbosari Bekzod Amirsaidov tabrik nutqi bilan ochib berdi.

    Marosimda Sirdaryo viloyati, Shirin shahar, Bekobod shahar hokimliklari rahbariyati, Jamiyat tizim korxona va tashkilotlari vakillari, hamkor xorijiy kompaniyalar masʼullari, gidroenergetik muhandislar hamda markaziy va hududiy telekanallar, bosma va elektron OAV vakillari ishtirok etdi.

    Tadbir davomida savob ishga qoʻl urildi. “Farhod GES” unitar korxonasining qoʻshimcha daromadlari hisobidan korxona ishchi-xodimlarining hamda GESga yaqin joylashgan mahallalarda istiqomat qiluvchi oilalarning 11 nafar farzandlariga sunnat toʻyi marosimi oʻtkazib berildi.

    Bolajonlarga korxona tomonidan velosiped hamda televizorlar esdalik sovgʻalari sifatida taqdim etildi. Bolajonlarning koʻzlaridan porlagan quvonch bazmga yanada fayz berdi.

    Maʼlumot uchun:

    Farhod gidroelektr stansiyasi qurilishi Sirdaryo daryosida 1943-yil 10-fevralida boshlangan. Mazkur GES ommaviy hashar yoʻli bilan qurilgan boʻlib, hasharga Fargʻona, Namangan, Samarqand, Buxoro, Andijon va Toshkent viloyatlaridan jami 60 mingdan ortiq kishi jalb etildi.

    Zamonaviy bosqichda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-maydagi “Oʻzbekgidroenergo aksiyadorlik jamiyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi 5044-sonli Farmoniga muvofiq “Farhod GES” unitar korxonasi “Oʻzbekgidroenergo” AJ tarkibiga kirdi.

    Modernizatsiya ishlari “Oʻzbekgidroenergo” AJning oʻz mablagʻlari 13,05 mln. yevro hamda Rossiya Federatsiyasining «VEB» banki krediti – 45,22 mln. yevro (2,35%li stavkasi) hisobidan amalga oshirildi.

    Modernizatsiya ishlari davomida GESning eski 1- va 2-agregatlari yangisiga (100 %) almashtirildi, 3- va 4-agregatlari esa toʻliq modernizatsiya qilindi. Modernizatsiya jarayonida “Siloviye mashini” AJ tomonidan Rossiyaning Leningrad metallurgiya zavodi tomonidan ishlab chiqarilgan va qayta modernizatsiya qilingan turbina va generatorlar oʻrnatilib, ekspluatatsiyaga topshirildi.

    Bugungi kunda, Yangi Oʻzbekiston gidroenergetika tizimida “Farhod GES” oʻziga xos salohiyatli oʻrinni egallab, elektr energiya ishlab chiqarish, yosh mutaxassislarni tayyorlash hamda malakasini oshirish borasida tizimdagi ilgʻor GESlar qatorida eʼtirof etilmoqda.

    Mamlakatimiz gidroenergetika sohasining izchil taraqqiyoti elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish bilan birga, yangi GESlar qurilayotgan, modernizatsiya qilinayotgan gidrotexnik inshootlar joylashgan hududlar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, aholi turmush farovonligining oshishi, xonadonlar obodligi va nurafshonligi, eng muhimi, Yangi Oʻzbekiston iqtisodiyotining yanada taraqqiy etishiga muhim hissa qoʻshadi.

    Axborot xizmati

    2023_10_05_10_20_23651e8de759fc2.jpg

    2023_10_05_10_20_44651e8dfcca7b4.jpg 2023_10_05_10_20_59651e8e0b86c7b.jpg 2023_10_05_10_21_13651e8e198b0d8.jpg 2023_10_05_10_21_29651e8e29880d4.jpg 2023_10_05_10_21_39651e8e3335c20.jpg 2023_10_05_10_21_54651e8e4234db3.jpg 2023_10_05_10_22_04651e8e4c9ee1d.jpg 2023_10_05_10_22_15651e8e5727410.jpg