Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi mazkur masalani oʻrganib, oʻz munosabatini bildirdi.
Darhaqiqat, koʻchat ekish savobi ulugʻ amal. Alloh taolo insonga Yer yuzini obod qilishni buyurib: “U sizlarni yerdan paydo qildi va unga sizni obodligi uchun qoʻydi”, deb xitob qiladi (Hud, 61).
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Qaysi bir musulmon daraxt yo ekin eksa-yu, undan qushmi, insonmi yoki hayvonmi yesa, albatta, shu sababli u uchun sadaqa boʻlur”, deganlar» (Imom Buxoriy rivoyati).
Moʻtabar manbalarda: “Inson namoz oʻqib, roʻza tutib, sadaqa qilib, savobini tirik yoki mayyitga bagʻishlasa boʻladi va savobi ularga yetib boradi...”, deb bayon qilingan. Ushbu oyati karima, hadisi sharif va sharʼiy masalalardan maʼlum boʻladiki, vafot etganlarga atab bogʻ qilish orqali savobini bagʻishlash va koʻchat ekish ajru mukofotli amallardandir.
Shubhasiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga muhabbatimiz cheksiz, Ul zotning shaharlariga sevgimiz hadsiz, tuproqlari koʻzimizga toʻtiyo. Biroq, hozirgi kunda ayrim hamyurtlarimizning bir necha ming kilometr masofadan turib, Madina shahrida xurmo ekishga buyurtma berishi, ijtimoiy tarmoqlarda keng yoyishi va bu holatni ommalashtirishi dinga ham, mantiqqa ham, sunnatga ham toʻgʻri kelmaydi.
Masalani diniy jihatdan koʻrib chiqadigan boʻlsak, oyatu hadislarda xayru ehsonni yaqinlardan boshlashga koʻp koʻrsatma kelganiga guvoh boʻlamiz. Qurʼoni karimda: “...Ota-onaga, qarindoshlarga, yetimlarga, miskinlarga, yaqin qoʻshnilarga, yon qoʻshnilarga, yonboshdagi sohiblarga, koʻchada qolganlarga va qoʻlingizda mulk boʻlganlarga yaxshilik qilinglar...” (Niso, 36), deb koʻrsatma berilgan.
Muhammad sollallohu alayhi vasallam bir sahobaga: “(Yaxshilikni) oʻzingdan boshla va (avvalo oʻzinga) sadaqa qil, agar undan biror narsa ortib qolgan boʻlsa, ahlingga (ber). Agar ahlingdan biror narsa ortib qolgan boʻlsa, qarindoshlaringga ber. Agar qarindoshlaringdan biror narsa ortib qolsa, mana bu va mana bularga ber”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Demakki, koʻchat ekishdek xayrli ishlarni avvalo hovli-joylarimiz, koʻcha-kuylarimiz, mahallayu guzarlarimizda amalga oshirishga juda ham katta ehtiyoj bor. Chunki, ayrim vaqtlarda roʻy berayotgan chang-toʻzonlar, qum va chang boʻronlari va iqlim oʻzgarishi kabi holatlar bevosita daraxtzor va koʻchatzorlarning yetishmasligidandir.
Yanada himmatli hamyurtlarimiz boʻlsa, Orol dengizi atrofida saksovul, qandim, cherkes, qorabaroq kabi choʻl oʻsimliklari ekib, oʻrmonzorlar barpo qilish orqali mamlakatimizdagi ekologik holatni yaxshilash, zararli tuz va changlar koʻtarilishining oldini olishga koʻmaklashishlari juda ham zarurdir.
Xulosa, bayon etilgan oyatu hadislarga binoan yurtdoshlarimizga avvalo oʻzlari yashab turgan uy-joyni obod qilishlari, yaxshi niyatlar ila yon-atrofga mevali va manzarali daraxtlar ekishlari eng savobli amaldir.