Toshkent shahar bojxona boshqarmasi xodimlari hamda Oʻzbekiston bojxona xizmati Faxriylar Uyushmasining Toshkent shahar boʻlinmasi tomonidan uzoq yillar bojxona tizimida xizmat qilgan bir qator faxriy bojxona xodimlarining xonadonlariga tashrif buyurilib, faxriylarning holidan xabar olindi.
Shu yerning oʻzida keksalar bepul tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi va ularning maroqli hordiq olishlarini tashkil etish maqsadida teatrga chiptalar taqdim etildi.
Shuningdek, “Keksalar haftaligi” doirasida faxriy bojxona xodimlari uchun bir qator madaniy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etildi.
Jumladan, “Yangi Oʻzbekiston” majmuasiga tashrif buyurildi.
Shu yerda faxriylarga mazkur bogʻning yaratilishi, u yerdagi har bir komponentlarning ramziy ifodasi toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi.
Shundan soʻng, keksalar Toshkent viloyati, Zangiota tumanida joylashgan “Zangiota” ziyoratgohida boʻlishdi.
Tashrifning soʻnggi manzili «Arqbuloq» tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti boʻldi.
Bojxona faxriylari bojxona posti faoliyati bilan yaqindan tanishishdi. Ularga bugungi kundagi bojxona tizimidagi olib borilayotgan islohotlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumotlar taqdim etildi.
Tadbirlar yakunida faxriylar bojxona xodimlarining ishlariga omad va zafarlar tilab xayrli duolar qilishdi.
Faxriylarga esdalik sovgʻalari topshirildi.
Bu kabi ijtimoiy-maʼrifiy tadbirlar yoshi ulugʻ insonlar mamlakatimizda doimo eʼtibor va eʼzozda ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.