Ular poytaxtimizdagi “International hotel” mehmonxonasida o'tkazilayotgan fermer ayollar IV an'anaviy forumida ishtirok etmoqda. “Tadbirkor ayol” xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan forum “Fermer ayollar: raqamlashtirish va yangi texnologiyalar — muvaffaqiyat omili” mavzusiga bag'ishlandi. Tadbirda diplomatik korpus vakillari, xalqaro va jamoat tashkilotlari, vazirlik va idoralar vakillari ham qatnashdi.
Taqdim etilgan prezentatsiyalarda O'zbekistonda qishloq xo'jalik mahsulotlari eksporti salohiyatini oshirish, raqamli savdo-fermer ayollar uchun yangi imkoniyatlar, mahsulotlar logistikasi va eksportini tashkil etishning yangi imkoniyatlari, ularni internet resurslari orqali yo'lga qo'yish istiqbollari, qishloq xo'jaligini rivojlantirishning samarali lizing yechimlari kabi masalalar keng muhokama qilinadi. Sohada ayollarning o'rnini oshirish haqida so'z bordi.
— Qishloq xo'jaligi ham, allaqachon, innovatsion sohalar qatoriga qo'shildi. Mahsulot yetishtirishdan to ishlab chiqarishgacha bo'lgan jarayonlarni ilm-fan va zamonaviy texnologiyalar asosida olib borishni davrning o'zi taqazo qilmoqda, — deydi “Tadbirkor ayol” xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi raisi Gulnora Mahmudova. — Xo'sh, bu jarayonda fermer ayollarning o'rni qanday degan savol tug'iladi. Sohada innovatsion texnologiyalarni qo'llashga ayollarimiz tayyormi? Agar tahlillarga qaraydigan bo'lsak, hozirgi vaqtda qishloq xo'jaligi korxonalariga rahbarlik qilayotganlarning umumiy 10 foizini xotin-qizlar tashkil qiladi. Bu juda kam ko'rsatkich, ammo faqat yurtimizdagina emas, dunyo miqyosida shunday. Gap shundaki, ayollarimiz erdan, qishloq xo'jaligi resurslaridan erkaklarga qaraganda kamroq foydalanishadi. Shu bois, ayollarni sohaga kengroq jalb qilish, ularning innovatsion texnologiyalardan foydalanish ko'rsatkichlarini oshirish borasida qator vazifalarimiz bor. Fermer ayollarimiz ham Barqaror rivojlanish maqsadlarining muhim ishtirokchilariga aylanishlari, buning uchun berilayotgan imkoniyatlardan foydalanishlari lozim. Bu orqali ularning katta hajmda jahon standartlariga mos qishloq xo'jaligi mahsulotlari etishtirishlari, eksportga chiqishlariga erishamiz. Bugungi forum ana shu masalalar, muhokamalarga bag'ishlandi.
Ma'lumot uchun, 1991-yilda tashkil etilgan “Tadbirkor ayol” xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi o'z saflarida 17 ming nafar tadbirkor ayollarni birlashtirgan. Tashkilotning 69 ta xududiy bo'linmalari ishlab turibdi. 200 nafarga yaqin professional trenerlari tadbirkorlik asoslari bo'yicha o'quv kurslarida faoliyat yuritmoqdalar.
Bugungacha xalqaro assotsiatsiya tomonidan mamlakatimizning qishloq va shaharlarida ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, gender tengligiga erishish, yangi ish o'rinlari yaratish, iqtisodiyotda ayollar salohiyati va inson kapitalidan to'liq foydalanishga qaratilgan 100 dan ortiq loyihalar amalga oshirilgan.