Zamonaviy bozor iqtisodiyoti ham taklifga, ham talabga mos mahsulot ishlab chiqarish, o'zaro savdoda barcha tomonlar manfaatdorligini ko'zlashni nazarda tutadi. So'nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilgan eng katta islohotlardan biri ham shu — har sohada bozor munosabatlarini shakllantirish. Bu, ayniqsa, qishloq xo'jaligida katta samara bermoqda. Birgina, bug'doy va paxtani erkin savdoga chiqarish va mustaqil narx belgilashning joriy etilishi tizimda chin ma'noda inqilob yasadi, desak xato bo'lmaydi.
Bugun dehqon, fermer xo'jaligiyu, tomorqa yer egalarining bari o'zi etishtirgan mahsulotga o'zi egalik qilish huquqiga ega. Istalgan xaridorga, bozordan kelib chiqqan holda o'zi narx belgilaydi. Tabiiyki, daromadi ham o'ziga qoladi. Shuning uchun yillar davomida xalqimiz uchun og'ir mehnat, dehqon va fermerga esa yelkasiga osilgan katta yuk, “plan”ni bajarish majburiyati bo'lib kelgan paxta xomashyosini yetishtirish hozirga kelib eng daromadli va zamonaviy yo'nalishlardan biriga aylandi.
Endilikda, mamlakatimizda etishtirilgan paxta xomashyosi narxi davlat tomonidan emas, balki bozor tamoyillari asosida belgilanmoqda. Bu Prezidentimizning joriy yil 26-yanvardagi “Paxta xom ashyosi yetishtiruvchilar faoliyatini yanada qo'llab-quvvatlashning qo'shimcha chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori bilan mustahkamlab qo'yildi. Unga ko'ra, narxlar bozor iqtisodiyoti talablariga muvofiq, har bir hududdagi yerning holati, mahsulot yetishtirish uchun ketgan sarf-xarajatlar, bozordagi talab va taklifdan kelib chiqib, bevosita oluvchi va sotuvchi tomonlarning o'zaro kelishuvi asosida belgilanadi. Ya'ni, fermer va dehqon o'zi yetishtirgan paxta xomashyosini xaridor bilan o'zaro kelishilgan narxda sotish huquqiga ega.
Ana shunday imkoniyatlar sabab diyorimizda paxta etishtirish yangi bosqichga ko'tarilib, hosildorlik yil sayin ortib bormoqda. Shu kunlarda yurtimiz bo'ylab qizg'in davom etayotgan paxta terimi ham natija avvalgi yillardan yuqoriroq bo'lishiga ishora bermoqda. Hududlarda birin-ketin “oq oltin” xirmonlari yaratila boshladi. Ilk xushxabar ovozi Surxondaryo viloyatidan yangradi. Viloyat paxtakorlari birinchi bo'lib xirmonni ko'tardi. Ahamiyatlisi, ular ilk bor 30 kun ichida belgilangan hosilni yig'ishtirib olishga muvaffaq bo'ldi. Natija esa 268 109 tonnalik paxta xirmoni. Mo'l hosil olish uchun vohadagi 12 ta paxta-to'qimachilik klasteri 2 ming 96 nafar fermer xo'jaligi bilan shartnoma tuzgan.
Buyog'i bozor iqtisodiyoti...
Paxta xomashyosini etishtirish avvaldan O'zbekiston iqtisodiyotining muhim qismi bo'lib kelgan. Hozir ham shunday. Ammo endi yurtimiz paxta xomashyosini eksport qiluvchi davlat emas, balki uni to'liq qayta ishlab, tayyor mahsulot ishlab chiqarib, xorij bozoriga bir necha barobar qimmatga sotayotgan mamlakatlar qatoriga qo'shildi. Qolaversa, qishloq xo'jaligining yirik va zamonaviy tarmog'iga aylanib borayotgan bu yo'nalish ko'proq dehqon va fermerlar daromadini bir necha barobar ko'paytirish, xalqimizning moddiy farovonligini oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashga qaratilayotgani bilan ahamiyatlidir.
Klaster va fermer xo'jaliklari hamkorligi bu yo'nalishda, ayniqsa, muvaffiqiyatli harakatlardan biriga aylandi. Ushbu yondashuv mamlakatimiz tajribasida hali yangi bo'lishiga qaramasdan, qisqa vaqtda sohada katta yutuqlarga yo'l ochayotgani sir emas. Jarayonda paxta-to'qimachilik klasteri o'ziga biriktirilgan fermerning chigitni ekishidan to hosilni yig'ib olgunigacha barcha zarur sharoitni yaratib bermoqda. Zamonaviy, resurstejamkor texnologiyalar bilan ta'minlayapti. Fermer esa shartnoma bo'yicha klasterga sifatli hosilni topshiradi. Narx o'zaro kelishuv asosida belgilanadi. Shu tariqa, har ikki tomon moddiy manfaat ko'radi.
Umuman, so'nggi yillarda mahalliy qishloq xo'jaligimizda fermer xo'jaliklari faoliyati tobora faollashib borayotganini ko'rishimiz mumkin. Ularga berilayotgan imkoniyat va qo'shimcha imtiyozlar sabab ko'p tarmoqli fermer xo'jaliklari soni ortmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizda 90 mingga yaqin ko'p tarmoqli fermer xo'jaligi mavjud bo'lib, 30 mingdan ortig'ida paxta xomashyosi yetishtirilayotgani buning isboti.
Ularning faoliyatida, ayniqsa, ilmiy yondashuvlar, zamonaviy va resurstejamkor texnologiyalarni jalb etishga alohida e'tibor qaratilayotgani soha rivojini jadallashtirmoqda. Chunki hozirgi zamonaviy qishloq xo'jaligini ilg'or texnologiyalardan ayro tasavvur etib bo'lmaydi. eskicha yondashuvlar ham bugungi kun talabiga mos emas. Tasavvur qiling, o'n nafar kishi bajaradigan ishni bitta qurilmaning o'zi uddalasa qancha resurs tejab qolinadi. Qolaversa, hozir zamonaviy texnikalar bilan ta'minlangan, ilg'or texnologiyalarni ishlab chiqarishga joriy etayotgan ko'p tarmoqli fermer xo'jaliklari qishloq xo'jaligi mahsulotlari etishtirish bilan birga, ularni chuqur qayta ishlash, qurilish ishlarini amalga oshirish va qishloq aholisiga xizmat ko'rsatish kabi yo'nalishlarda ham samarali faoliyat olib boryapti.
So'z isboti bilan, deganlaridek, aniq raqamlarga e'tibor qaratsak. Joriy yilda mahalliy paxta-to'qimachilik klasterlari va fermer xo'jaliklari tomonidan 5 mingdan ortiq eng so'nggi rusumdagi qishloq xo'jalik texnikalari va agregatlar xarid qilingach, 48 foiz maydonda chigit yuqori unumli zamonaviy pnevmatik seyalkalarda eqildi. Natijada 24 milliard so'mlik 15 ming tonna urug'lik chigit, 50 milliard so'mlik 5 tonna dizel yoqilg'isi tejab qolindi. Yurtimiz bo'yicha 300 ming gektardagi go'za nihollari ilg'or tomchilatib sug'orish texnologiyasi orqali sug'orilishi orqali 1,5 milliard kub metrga yaqin suv resurslari, 50 ming tonnadan ortiq mineral o'g'it, 10 ming tonnaga yaqin yoqilg'i moylash materiallari iqtisod qilingan.
Toshkent viloyati Bo'ka tumanidagi “Ko'k Orol Siti” fermer xo'jaligi ham joriy yil 30 gektar maydonda tomchilatib sug'orishni yo'lga qo'ygan edi. Aytishlaricha, natija kutilganidan ham a'lo bo'lgan. Ana o'sha maydonda 50 foizgacha suv, 80 foizgacha mineral o'g'it tejab qolingan. Xo'jalik har yili 1 gektar maydonga 700 kilogramm o'g'it ishlatgan bo'lsa, bu yil shuncha hajmdagi yerga sarf etilgan o'g'it 80 kilogramdan oshmagan. Ayni paytda fermer xo'jaligi 1 gektar paxta maydonidan 35—40 tsentnerdan hosil olmoqda.
Paxta-to'qimachilik klasterlari bilan hamkorlikning samarali tomoni ham shunda — fermer xo'jaliklarini yangi texnikalar bilan ta'minlab, moddiy resurslarni o'z vaqtida yetkazib bermoqda. Shularning hisobiga mamlakatimizda paxta hosildorligi keyingi uch yilda 5-6 sentnerga ko'payishiga erishildi. Tizimda xomashyoni dastlabki qayta ishlashdan tayyor mahsulot olishgacha bo'lgan qo'shimcha qiymat zanjiri yaratilib, 2017-yilga nisbatan ip-kalava ishlab chiqarish ikki barobarga, tayyor mahsulot uch baravarga ortdi. Klasterlar quvvatlari evaziga tola ishlab chiqarish ko'rsatkichlari 148 foizga, ip-kalava 83 foizga, mato to'qish 19 foizga, tayyor mahsulot 66 foizga yetdi.
Ya'ni, fermer xo'jaligi klasterning moddiy ko'magi asosida sifatli, yuqori hosildor xomashyo yetkazib berayotgan bo'lsa, klaster uni qayta ishlab, bozorga tayyor mahsulot chiqarmoqda. Bundan xalq ham manfaatdor — hududlarda qanchadan qancha yangi ish o'rinlari yaratilyapti. Paxta terimi ham bozor tamoyillari asosida tashkil etilayotgani, ayniqsa, quvonarli. Daromad topish maqsadida o'z ixtiyori bilan dalaga chiqqan terimchilarga tergan paxtasi uchun ish haqi shu kunning o'zida to'lab berilmoqda. Ish jarayonida qiyinchilik sezmasliklari uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilgan. Dala boshida issiq ovqat, uzoqdan qatnaydigan terimchilar uchun transport xizmati yo'lga qo'yilgan.
Bir so'z bilan aytganda, tizim erkin bozor iqtisodiyoti joriy etilishi ortidan har kim mehnatiga yarasha daromad topadigan, mustaqil ish yurita oladigan, tanlovni ixtiyoriy amalga oshiradigan yo'nalish sifatida shakllana boshladi. Endi, dehqon va fermerlar paxta yetishtirishdan qo'rqmayapti, aksincha, tarmoq yil sayin serdaromad yo'nalishga aylanib, unda agrar tadbirkorlar, paxta-to'qimachilikka ixtisoslashayotgan fermer xo'jaliklari soni ortib bormoqda.
Zokir Allamurodov,
O'zbekiston fermer, dehqon
xo'jaliklari va tomorqa yer
egalari kengashi
bo'lim boshlig'i
(Maqola “Yangi O'zbekiston” gazetasining 09.10.23-y, 208-sonida e'lon qilindi)