Qadim xalqlarning koʻhna ohanglarini oʻzida mujassam etgan kuy-qoʻshiqlarda oʻzbekona ruh bor. Asrlar silsilasidan oʻtib kelayotgan, tinglovchi koʻnglida sokinlik baxsh etayotgan durdona ohanglar umrboqiydir. Baxshi kuylagan dostonning har bir soʻzi insonni oʻziga ohangrabodek tortaveradi. Chunki bu xonish inson, uning qalb fazilatlari, vatanga boʻlgan muhabbati tuygʻulari bilan uygʻunlashgan va marjondek terilgan. Oʻzbek xalq ogʻzaki ijodining qaysi bir shodasiga murojaat qilmang barchasida shunday tuygʻu mujassamdir.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-apreldagi “II Xalqaro baxshichilik sanʼati festivaliga tayyorgarlik koʻrish va baxshichilik sanʼatini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida joriy yilning 17-20-sentyabr kunlari Nukus shahrida boʻlib oʻtadigan II Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali doirasida baxshi, oqin va jirov ijrochilari koʻrik tanlovining respublika bosqichi boshlandi.

– Festivaldan koʻzlangan asosiy maqsad sharq xalqlari xalq ogʻzaki ijodiyotining yetakchi janri boʻlgan baxshichilik sanʼati, folklor anʼanalari va qadriyatlarini chuqurroq oʻrganish, rivojlantirish targʻib qilish, yoshlarimizni ajdodlar merosiga yuksak sadoqat ruhida tarbiyalash, baxshi-shoir, oqin, jirovlar ijodining sharq madaniyati va sanʼatidagi oʻrni hamda ahamiyatini yanada oshirish, madaniy-maʼnaviy munosabatlarni xalqaro miqyosda kengaytirishdan iborat, – deydi Respublika madaniyat muassasalari faoliyatini tashkil etish ilmiy metodik markazi direktori Salim Sayimov.

Xalqaro baxshichilik festivali doirasida oʻtkazilayotgan mazkur tanlovda yurtimizda faoliyat olib borayotgan 70 dan ziyod baxshi, jirovlar ishtirok etmoqda.

Ushbu festival sanʼatga oshufta qalblar uchun unutilmas madaniy tadbir, yosh ijodkorlar uchun esa mahorat maktabi boʻladi.

Nilufar KARIMOVA

Respublika madaniyat muassasalari faoliyatini tashkil etish ilmiy-metodik markazi boʻlim boshligʻi