Albatta, ushbu sinov xodimlar tomonidan turlicha qabul qilindi. Kimdir uni qoʻllab-quvvatlagan boʻlsa, qarshi boʻlganlar ham yoʻq emasdi. Biroq, oʻz bilim-koʻnikmalariga ishonganlar attestatsiya mutaxassislarni oʻz ustida ishlashga, soha boʻyicha malakasini oshirishga yordam beradi degan fikrga kelishdi.
Misol uchun, Namangan viloyati Uychi tumani FHDYO boʻlimidan ishlab kelayotgan Nigora Doʻstboyeva shunday deydi:
— Toʻgʻrisi, attestatsiya oʻtkazilar ekan deb eshitgan kunimdan to boʻlib oʻtgunicha rosa hayajonlandim. Bizga savollarni taqdim qilishganida jamoa boʻlib, nazariya va amaliyotni birgalikda olib bordik. Natijalar esa biz istagandek boʻlganidan xursandman. Bu kabi sinovlar tez-tez oʻtkazilishi tarafdoriman. Sababi, xodimalar bilmaganlarini bilib oldi, bilganlarini esa, qolganlar bilan oʻrtoqlashdi. Kelgusidagi mehnat faoliyatini olib borishda mana shunday attestatsiyalarning oʻrni beqiyos. Men oʻzim uchun juda koʻp maʼlumotlarga ega boʻldim.
Attestatsiya qay tartibda oʻtdi?
Attestatsiya jarayonida berilishi mumkin boʻlgan savollar barcha xodimlarga 30 kun oldin berilgan. Yaʼni, barcha mutaxassislarga tayyorgarlik koʻrish uchun yetarlicha vaqt va teng imkoniyat berilgan.
FHDYO organlarida asosan huquqshunoslar ishlaganligi sababli, savollar bir necha yoʻnalishda, xususan umumiy huquq sohasi, fuqarolik huquqi va amalga oshirilayotgan islohotlar boʻyicha ham tuzilgan edi. Xizmat vazifasi yuzasidan sud, notariat organlari bilan hamkorlikda faoliyat yuritishga toʻgʻri kelgani bois, bu sohalar yuzasidan ham savollar qoʻshilgan. Asosiy eʼtibor, aynan FHDYO sohasiga oid savollar, kazuslar — kundalik faoliyatida duch kelishi mumkin boʻlgan ziddiyatli vaziyatlarga qaratilgan edi.
Ushbu jarayon mutlaqo shaffof tarzda oʻtkazilib, kuzatish istagi mavjud boʻlgan barcha shaxslar uni Davlat xizmatlari agentligining rasmiy veb-sayti hamda yutubdagi rasmiy sahifasi orqali kuzatishi mumkin edi.
Sinovdan kim oʻtdi?
FHDYO sohasida umuman olganda 825 nafar xodim mehnat qiladi.
Mutaxassislarning 353 nafariga bola parvarishi taʼtili, 3 yoshgacha farzandi boʻlganligi bois qonunchilikka muvofiq imtiyoz berildi. Ularning sinov muddati maʼlum muddatga kechiktiriladi.
Boʻlib oʻtgan attestatsiyada xodimlarning 473 nafari ishtirok etdi. Shundan, 163 nafari egallab turgan lavozimiga loyiq deb topildi.
102 nafar xodim shartli ravishda sinovdan oʻtdi. Yaʼni ushbu xodimlar belgilangan tartibga koʻra 6 oydan soʻng qayta attestatsiyadan oʻtkaziladi, topshira olmaganlar bilan mehnat shartnomasi bekor qilinadi.
Sinovlarda ishtirok etgan xodimlarning 44 %, yaʼni 208 nafar xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilindi.
Mazkur malaka sinovidan muvaffaqiyatli oʻtgan, tizimda halolligi, bilimdonligi tufayli bugun kasbdoshlariga oʻrnak boʻladigan xodimlar xalqimizga xizmat qilishda davom etmoqda.
Attestatsiya faqat imtihonmi?
Ushbu sinovlar nafaqat xodimlar malakasini baholashga, balki ularni qiynayotgan muammolarni oʻrganishga, faol FHDYO boʻlimlar xodimlarini aniqlashga ham xizmat qildi natijada.
Misol uchun, Samarqand va Navoiy viloyatlari ayrim FHDYO xodimlari, boshqa tumanda yashab turib, ish joyiga uzoqdan qatnab kelayotgani ayon boʻldi. Attestatsiyadan muvaffaqiyatli oʻtgan ushbu mutaxassislarni muammosi oʻrganildi. Hozirda ular uyiga yaqin joylashgan FHDYOlarda xalqimizga xizmat qilib kelmoqda.
Shuningdek, bir jamoa boʻlib attestatsiyaga tayyorlangan FHDYO boʻlimlari ham eʼtiborda boʻldi. Masalan, Uychi tumani FHDYO boʻlimidan 3 nafar xodim sinovga kirgan boʻlsa, uchalasi ham malakali javob berib boshqalarga oʻrnak boʻldi. Kelgusi ragʻbatlantirishlarda bularning barchasi inobatga olinadi, albatta.
Xulosa oʻrnida...
Inson hayotda qanday yutuqqa erishsa bu uning halol mehnati va puxta bilimi, yaqinlarining qoʻllab-quvvatlashi natijasi tufaylidir. Qolaversa, jamiyatda xotin-qizlar faolligi muhim. Oʻzgarish va yangiliklarga boy kechayotgan davr bugun barchamizning oldimizga yangi-yangi talablarni qoʻymoqda. FHDYO tizimida olib borilayotgan islohotlar, saralanayotgan bilimli va malakali xodimlar esa xalqimizning davlat idoralaridan rozi boʻlishiga zamin yaratadi.
DXA matbuot xizmati.