Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasida Finlyandiyaning taʼlim sohasi boʻyicha Oʻzbekiston bilan hamkorlik loyihalarini yoʻlga qoʻygan qator kompaniya rahbarlari va vakillari bilan uchrashuv oʻtkazildi.

Uchrashuvda Finlyandiya tomonidan “FinEst Bay Area” kompaniyasi asoschisi Piter Vesterbaka, “Finest Future” kompaniyasi hammuassisi Tuomas Tiilikaynen, “Edunation Finland” kompaniyasi hammuassisi Harri Suominen, “Skillgrower” kompaniyasi asoschisi Pasi Savola va PK Safety and Rescue” kompaniyasi bosh direktori Pertti Korteyarvi, Oʻzbekiston tomonidan esa Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi U.Toshkenboyev, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori Q.Sharipov, Toshkent xalqaro Taʼlim universiteti rektori U.Qosimxojayev va boshqalar ishtirok etdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan mamlakatimizda taʼlim-tarbiya tizimini rivojlantirishda ilgʻor xorijiy tajribalarni, xususan, Finlyandiya taʼlim tizimini oʻrganish va mamlakatimizda joriy etish boʻyicha qator vazifalar belgilab berilgan edi.

Ushbu vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Tashqi ishlar vazirligi, Finlyandiya Respublikasining Oʻzbekistondagi faxriy konsulligi va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda Finlyandiyadagi yetakchi ekspertlar, olimlar va investorlar bilan muzokaralar olib borilib, bir qator loyihalar boshlab yuborildi.

Delegatsiyaning yurtimizga tashrifi ham mazkur yoʻnalishdagi ishlarning uzviy davomi boʻlib, muhokamalar davomida Oʻzbekiston va Finlyandiyaning taʼlim tizimi hamda hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar va istiqboldagi rejalar yuzasidan oʻzaro fikr almashildi.

— Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi yaqinda tashkil etilgan boʻlsa-da, sohada sifat koʻrsatkichlarini oshirish boʻyicha xalqaro tajribalarni oʻrganish barobarida, yoshlarning malakali kadrlar boʻlib yetishishlari uchun tizimli ishlarni bajarib kelmoqda. Xususan, bugungi kunda mamlakatimiz taʼlim tizimini Finlyandiya tajribasini joriy etish orqali isloh qilishga katta eʼtibor qaratilmoqda.

Oʻtgan yilning noyabr oyida boshlangan hamkorligimizning mevasi sifatida ayni kunda Navoiy va Laappenranta shaharlari oʻrtasida oʻquvchilar almashinuvi, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti bilan talabalar almashinuvi dasturlari yoʻlga qoʻyilganini, Finlyandiyada amalda boʻlgan oʻquv dasturlari oʻzbek tiliga tarjima qilinib oʻrganilayotganini koʻrsatish mumkin. Bu — erishiladigan ulkan natijalarning boshlanishi. Kelgusida mazkur aloqalar yana-da kengayib, mamlakatlarimiz va madaniyatlarimiz oʻrtasida muhim koʻprik boʻlib xizmat qilishi shubhasiz, — dedi U.Toshkenboyev.

Uchrashuv davomida talabalar almashinuvi, qoʻshma taʼlim dasturlari, matematika va fin tilini oʻqitish boʻyicha loyihalar doirasida memorandumlar imzolash yuzasidan amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi rejalar atroflicha muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida delegatsiya ishtirokidagi keyingi tadbirlar boʻyicha rejalar belgilab olindi.