Mamlakatimizda tabiiy resurslar, sanoat korxonalari, muhandislar va bilimli yoshlar bor. Sarmoya va ilgʻor texnologiyalar bilan birga bu imkoniyatlar koʻproq qiymat yaratishi mumkin.
“OʻZ” gʻoyasining iqtisodiy mazmuni ham oʻz salohiyatimizni rivojlantirish, dunyo bilan teng hamkorlik qilish va umumiy kelajak uchun masʼuliyat olishdan iborat.
Energetika loyihalarida mis mahsulotlari, kabel, transformator, metall konstruksiyalar va qurilish materiallariga katta talab bor. Prezidentimiz mahalliy korxonalar sifat, narx va standartlar boʻyicha raqobatlasha olishini qayd etdi.
Xitoyning “China Energy” kompaniyasi 8 ta energiya saqlash stansiyasi qurilishida qariyb 40 foiz mahalliy mahsulotlardan foydalandi. Ularning qiymati 200 million dollarga yaqin boʻldi. Oʻtgan yili esa energetikadagi barcha investitsiya loyihalarida mahalliy tovar va xizmatlar qiymati 740 million dollarga yetdi.
Prezidentimiz ushbu koʻrsatkichni 3-4 barobar oshirish mumkinligini taʼkidladi. Sanoat kooperatsiyasi agentligi va mahalliy uyushmalar investorlarga zarur mahsulotning sifati va hajmini aniqlab, uni yetkazib berishda korxonalar bilan ishlaydi.
Hozir yuqori kuchlanishli uskunalar, energiya saqlash tizimlarining boshqaruv modullari va shamol generatorlari butlovchi qismlari katta hajmda import qilinmoqda. Ularni mahalliylashtirish boʻyicha 850 million dollarlik 12 ta istiqbolli loyiha tayyorlangan.
Jizzax viloyati Forish tumanida qurilayotgan atom elektr stansiyasiga zarur yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish maqsadida shu yerda soliq va bojxona imtiyozlariga ega maxsus sanoat zonasi tashkil etiladi. Davlatimiz rahbari investorlarni bu loyihalarda ham hamkorlikka chaqirdi.