Xalqaro investitsiya forumiga qiziqish yil sayin ortib bormoqda. Xususan, joriy yilda tadbirda 93 davlatdan 2,5 mingga yaqin delegat qatnashdi. Forumning birinchi kunida yirik kompaniyalar, jumladan, ACWA Power, Masdar, Bonfarm Group va boshqa kompaniyalar bilan oʻndan ortiq sarmoyaviy shartnomalar imzolandi.
Ushbu tadbir energetika, geologiya, oziq-ovqat sanoati va yashil texnologiyalarni joriy etish kabi muhim yoʻnalishlarda keng koʻlamli hamkorlikning boshlanishi boʻldi.
Bitimlarning imzolanishi ushbu tarmoqlarni rivojlantirish, iqtisodiy oʻsish va innovatsiyalarni ragʻbatlantirish uchun katta miqdorda sarmoya olib kelishi kutilmoqda.
Soha vakillari bunday shartnomalar nafaqat ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlashi, balki xalqaro hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratishini ham taʼkidladi.
Shuningdek, forumda mazkur sohalarning har birining bugungi kundagi vazifalari va istiqboldagi aniq rejalar muhokama qilindi. Investitsion faollikni ragʻbatlantirish va bozorning asosiy ishtirokchilari oʻrtasida tajriba almashish maqsadida tashkil etilgan mazkur forum iqtisodiyot uchun oʻzining samaradorligi va ahamiyatini hozirdanoq koʻrsatmoqda.