Tashrif doirasida Burj shahri meri Yann Galu, Xalqaro birdamlik va taʼlim uyushmasi (A.S.I.E) prezidenti Filip Burso, “Centraider” uyushmasi raisi Reno Metr, A.S.I.Ening Oʻzbekistonga amalga oshirilgan missiyasi vakillari, “RCF” radiosi va “Le Berry Republicain” gazetasi tahririyati xodimlari bilan uchrashuvlar oʻtkazildi. Shuningdek, “2016-2021: Yangi Oʻzbekiston: Anʼanalar va zamonaviylik oʻrtasida” nomli konferensiya va vatandoshimiz Hulkar Yunusovaning “Xabar” nomli koʻrgazmasining ochilish marosimi tashkil etildi.

“Dunyo” AA muxbirining xabar berishicha, Burj shahri meri Yann Galu Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarga yuqori baho berib, respublikamiz mintaqalaridan biri bilan hamkorlik oʻrnatishga tayyorligini bildirdi. Shahar meri Burj tarixda Fransiya markazlaridan biri boʻlganini taʼkidlab, bugungi kunda mazkur shahar chorvachilik, vino va don mahsulotlari yetishtirish boʻyicha yetakchi ekanini maʼlum qildi. Bundan tashqari, shaharda temirga ishlov berish, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash, shinalar ishlab chiqarish va boshqa sohalar rivoj topgan.

Uchrashuv yakunida Burj va Oʻzbekiston shaharlaridan biri bilan hamkorlik munosabatlarini oʻrnatish yuzasidan kelishuvga erishildi.

A.S.I.E prezidenti Filip Burso uyushmaning Oʻzbekistonda loyihalar amalga oshirishga qiziqishi yuqori ekanini maʼlum qildi. Pandemiyaga qaramasdan joriy yilda qator loyihalar va Oʻzbekistonga fransuz vakillarining safarlari tashkil etilganini mamnuniyat bilan taʼkidladi. Jumladan, 2021-yil davomida kulolchilik, Orolboʻyi hududlarida fransuz tomoni koʻmagida shudringdan oʻsimliklar uchun suv olish boʻyicha namunaviy uskunalar oʻrnatish, Namangan viloyatida kichik voltli elektr energiyasi ishlab chiqarish uskunasini sinovdan oʻtkazish hamda assotsiatsiya vakilining Orol dengizi tarixi boʻyicha tadqiqotlar olib borish loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

Muloqotlar chogʻida fransiyalik oʻqituvchilarning Oʻzbekiston taʼlim muassasalarida faoliyat yuritishi, fransuz talabalarining milliy hunarmandchilik ustaxonalarida tajriba almashinuvi va ekologiya sohasidagi loyihalarni amalga oshirishi boʻyicha bir toʻxtamga kelindi.

Burj shahrida Val-Luar markazi mintaqasi “Centraider” koʻp sheriklik tarmogʻi prezidenti Reno Mettr bilan ham uchrashuv oʻtkazildi. Muzokaralar natijasida “Centraider” rahbari Amudaryo va Sirdaryo oqava suvlaridan tejamkor foydalanish texnologiyalarini tadbiq qilish, Orolboʻyi hududi aholisini turmush tarzini qoʻllab-quvatlash va ekologik muvozanatni tiklash, Oʻzbekiston tomoni buyurtmasi asosida turli yoʻnalishlarda mutaxassislar malakasini oshirishga qaratilgan treninglarni tashkil qilish loyihalarini taklif etdi.

Elchixona delegatsiyasi tomonidan ushbu amaliy safar davomida, shuningdek, Burj shahri mahalliy hokimiyati vakillik organlari, siyosiy, iqtisodiy, ilmiy doiralari vakillari va OAV ishtirokida “2016-2021: Yangi Oʻzbekiston: Anʼanalar va zamonaviylik oʻrtasida” mavzusida konferensiya tashkil qilindi.

Anjuman doirasida fransuz tomoniga yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, hususan, ochiq tashqi siyosat, qulay biznes va investitsiyaviy iqlimni yaratish, demokratiya tamoyillari asosida fuqarolik jamiyatni qurish singari masalalar taqdimot qilindi. Bundan tashqari, Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlar yangi ijobiy tus olganiga urgʻu berildi. Shu bilan birga, joriy yil 24-oktyabr kuni oʻtkaziladigan Oʻzbekiston Prezidenti saylovi toʻgʻrisida maʼlumot taqdim etildi. Bu safargi saylov ilk bor 2019-yil 25-iyun kuni qabul qilingan Saylov kodeksi asosida tashkil etilishi alohida taʼkidlandi. Fransiyada boʻlib turgan vatandoshlar ushbu muhim siyosiy tadbirda qatnashib, oʻz konstitutsiyaviy huquqidan foydalanishga chaqirildi.

Tadbir yakunida vatandoshimiz Hulkar Yunusova va Oʻzbekiston zamonaviy sanʼat muzeyi vakillarining “Xabar” nomli koʻrgazmasining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Mazkur koʻrgazma Burj shahri aholisida katta qiziqish uygʻotdi.

Oʻzbekistonning Fransiyadagi elchisi Sardor Rustamboyev “RCF Berry” radiosi bosh muharriri Shloye Bonne va “Le Berry Republicain” gazetasi muxbiri Sharlotta Frela uchun intervyu berdi.

Bundan tashqari, “Le Berry Republicain” gazetasida “Oʻzbek milliy taomi – osh”, “Oʻzbek sanʼati boʻyicha koʻrgazma Burj shahrining Jak Ker saroyida boʻlib oʻtdi” va “A.S.I.E Oʻzbekistonni festivalga taklif qildi: Burjda koʻrgazma va konferensiya boʻlib oʻtdi” nomli maqolalar chop etildi.