Frilanserlik — onlayn bozordagi mustaqil ish, mo'may daromad

    Ma'lumotlarga ko'ra, hozirgi kunda jahonda 1 milliarddan ortiq frilanser faoliyat olib boradi.

    Zamonaviy kasblar orasida dasturchi, IT mutaxassisi, umuman, internet orqali turli xizmatlarni ko'rsatish tez ommalashib boryapti. Ayniqsa, axborot texnologiyalaridan keng foydalana oladigan ko'plab yoshlar uyida o'tirgan holda dasturlash, tarjimonlik, reklama, repetitorlik va boshqa xizmatlarni onlayn amalga oshirib, yaxshigina daromad topyapti. Hozirgi vaqtda “freelancer” deb atalayotgan ushbu faoliyat turi vakillari soni kun sayin ortib bormoqda. Hatto, xorij nashrlari 2030-yilga borib, birgina frilanserlar global ishchi kuchining 80 foizini tashkil etishini bashorat qilyapti.

    Mamlakatimizda frilanserlar o'zini o'zi band qilgan insonlar qatoriga kiritiladi. Internet orqali mijozlarga o'z mahsuloti yoki xizmatlarini taklif etish evaziga daromad topish ularning asosiy yo'nalishi. Ya'ni, frilanser deganda, mustaqil xodim, erkin ishchi, asosan bir martalik yoki mavsumiy ishlarni bajarish uchun yollanuvchi, buyurtma asosida qaysidir ish yoki xizmatni muayyan haq evaziga kelishilgan vaqt davomida amalga oshirib beruvchi inson tushuniladi.

    Qizig'i, o'rta asrlarda “yollanma jangchi”larni frilanser, deb atashgan. Bu ko'proq ularning ma'lum haq evaziga, ma'lum vaqt oralig'ida berilgan vazifalarni bajargani bilan bog'liq. Hozir ham frilanserlar musaqil ishlovchi soha vakillari sanaladi. Ular norasmiy ravishda faoliyat yuritishadi va o'z xizmatlariga xaridorlarni o'zlari izlab topishadi yoki buyurtmachilar taklifiga ko'ra ish qilishadi. Ularning asosiy “quroli” esa bilim va IT texnologiyalaridir.

    Yurtimiz sharoitida IT sohasi va frilanserlik faoliyati yaqin yillarda kirib kelganiga qaramay, tez rivojlanyapti. Yoshlar orasida bu sohani yaxshigina uddalab, daromad topayotganlar talaygina. Ularning faoliyati uchun sharoitlar ham yaratib berilyapti. Prezidentimizning 2020-yil 8-iyundagi “Tadbirkorlik faoliyati va o'zini o'zi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori asosida shu turdagi faoliyat uchun qator imtiyoz va huquqlar mavjud. Qolaversa, Yangi O'zbekistonning 2022—2026-yillarga mo'ljallangan taraqqiyot strategiyasida raqamli iqtisodiyot hajmini 2,5 barobar ko'paytirib, dasturiy mahsulotlar industriyasi hajmini 500 million dollarga etkazish belgilangan. Zamonaviy sohalar rivoji esa raqamli iqtisodiyotning asosiy qismi sanaladi.

    Buyurtmachi ko'p, ammo...

    Frilanserlik faoliyati qator qulayliklarga ega. Avvalo, frilanserlar ish beruvchilarning doimiy ishchi xodimlari sanalmaydi, ular bir martalik vazifalarni bajaradi, evaziga kelishilgan mablag'ni oladi. Buyurtmachi bilan masofadan turib, ko'p hollarda ijtimoiy tarmoqlar orqali bog'laniladi. Ushbu faoliyat turidagi mustaqillik, erkin ish shakli, uyda ishlash imkoniyati, faqat o'zi uchun ajratilgan ishni bajarish, qiziq bo'lmagan, noqulay loyihalardan bosh tortish hamda yaxshi daromad ko'pchilikni o'ziga jalb qiladi. Ma'lumotlarga ko'ra, hozirgi kunda jahonda 1 milliarddan ortiq frilanser faoliyat olib boradi. Ularning 86 foizi o'z uyidan turib ishlaydi. 60 foizdan ortig'i ikki yoki uchta sohaga ixtisoslashgan.

    “Raqamli iqtisodiyot tadqiqotlari markazi” davlat muassasasi tomonidan O'zbekistondagi frilanserlik bozori tahlil qilinganida, 5000 nafardan ortiq yurtimiz fuqarolari “upwork” platformasida frilanserlik faoliyatini olib borish uchun ro'yxatdan o'tgani aniqlandi. Ammo buni yuqori ko'rsatkich deyish qiyin. Boisi, ro'yxatdan o'tganlarning atigi 13 foizi faol fuqarolar ekani qayd etilgan. Bu mamlakatimizdagi frilanserlarning hali xorij maydoniga chiqishga tajribasi yetarli emasligini ko'rsatadi. Chunki frilanserdan avvalo, bilim, o'z ishiga puxtalik va mas'uliyat talab etiladi. Jarayonda til bilish masalasi ham muhim.

    “Upwork” frilanserlar soni bo'yicha katta platformalardan biri bo'lib, unda dunyo bo'yicha 17 milliondan ortiq frilanser faoliyat yuritadi. Kaliforniya shtatida joylashgan mazkur platformaning asosiy vazifasi ishlovchi va ish beruvchi o'rtasida dallollik vazifasini o'tashdan iborat. Deylik, siz frilanserlik faoliyati bilan shug'ullanishni istab qoldingiz va internet orqali upwork saytida o'zingiz uchun platforma yaratmoqchi bo'ldingiz. Buning uchun, avvalo, ro'yxatdan o'tishingiz va ixtisoslikni belgilashingiz lozim bo'ladi. Qator imtixonlardan o'tgachgina, ish qidirish platformasini yarata olasiz. Bu platformada ish beruvchilar ko'p bo'lgani bilan, ularning sifatga nisbatan talablari ham yuqori bo'ladi. Bu talablarni bajarishni esa hamma frilanserlar ham uddalay olmaydi.

    O'zbekistonlik frilanserlar “upwork” platformasida asosan foto va videomontaj, tarjimonlik, ma'lumotlar tahlili, dizaynerlik sohalarida o'z faoliyatlarini olib bormoqda. Ular orasida asosiy daromad keltiruvchi soha esa dasturlashdir.

    “Fiverr” platformasi ham buyurtmachi va frilanserlari soni bo'yicha yuqori reytinglarda turadi. Platformada umumiy 7 millionga yaqin frilanser ro'yxatdan o'tgan. Ular orasida ming nafarga yaqin o'zbekistonlik ham bor. YUrtdoshlarimiz ushbu platformada asosan dizayn yo'nalishida buyurtmalar qabul qiladi. Tahlillarga ko'ra, platformada o'zbekistonlik frilanserlar eng kamida 5 ming dollar daromad topadi.

    Milliy platformalar zarur

    Bugun yoshlarni ushbu sohaga ko'proq zamonaviy texnologiyalarga bo'lgan qiziqishi etaklayotganiga guvoh bo'lamiz. Ular internet tarmoqlari va dasturiy xizmatlarni yaxshi biladi, yetarli bilim va xorijiy tillarda gaplashish ko'nikmasiga ega, mijozlarga o'z xizmatlarini taklif eta oladi, demak, bu yo'nalishda yaxshigina daromad ham topa oladi.

    — O'zbekistonda ham malakali, katta daromadga ega bo'layotgan frilanserlar ko'payib bormoqda, — deydi “TechCells”, “IT stars” loyihalarining asoschisi Zafarbek Ibrohimov. — Sohada ish boshlaganimga 14 yildan oshdi. Avvalgi davr bilan hozirgi vaqtni solishtirsam, katta farq ko'zga tashlanadi. Biz endi ish boshlagan vaqtlarda ko'pchilik IT, dasturlash, frilanserlikdan daromad topish u yoqda tursin, hatto, bu so'zlarning mohiyatini tushunmasdi. Hozir esa, aksincha. Internet tarmoqlari shu darajada rivojlandiki, zamonaviy sohalarda ishlab, o'zini o'zi band qilish yoki bu ishdan qo'shimcha mablag' topish odatiy holga aylandi. Ayniqsa, yoshlar orasida zamonaviy sohalar bo'yicha bilimlarni egallashga qiziqishning yuqori ekani quvonarli hol.

    Zafarbek Ibrohimov “Upwork” platformasida faoliyat yuritayotgan yetakchi mutaxassislardan biri. Uning fikricha, mamlakatimizda ham “upwork” yoki “work-zilla”ga o'xshash milliy frilanserlik platformalarining ishga tushirilishi nafaqat aholining ish bilan bindligini oshiradi, balki davlat byudjetiga ham milliardlab foyda keltiradi.

    Chindan, mamlakatimizda frilanserlik faoliyatini tizimli yo'lga qo'yish orqali ishsiz aholining katta qismining bandligini ta'minlash mumkin. Buning uchun oldimizda amalga oshirilishi lozim bo'lgan qator ishlar turibdi. Bu borada bir qancha takliflarni keltirish o'rinli bo'ladi.

    Avvalo, “Upwork” va “Fiverr” kabi xalqaro platformalar bilan hamkorlikni yo'lga qo'yib, yurtdoshlarimizning ushbu tizimlarda faoliyat yuritish imkoniyatlarini oshirishga erishishimiz lozim. Boisi, milliy internet tarmog'ida frilanserlar uchun talab qanchalik yuqori bo'lmasin, xorij platformalari yanada ko'proq buyurtmachi va katta daromad taklif eta oladi.

    Bu bevosita xalqaro tajribani o'rganishga ham yo'l ochadi. Frilanserlik faoliyati hisoboti hamda statistik ma'lumotlarni shakllantirish, frilanserlarning tanlanma kuzatuvini o'tkazishda mana shu tajriba asqotadi. Albatta, bu boradagi ishlar Davlat statistika qo'mitasi va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda olib boriladi.

    Yurtimizdagi barcha hududlarda IT park, mahallalarda frilanserlik faoliyati bilan shug'ullanish istagidagi yoshlar uchun ingliz tili hamda komp`yuter kurslarini tashkil etish ham muhim vazifalardan biri. Sohaga qiziquvchilarni aniqlashda esa yurtimizda joriy etilgan yangi va samarali “mahallabay” tizimi muhim o'rin tutadi.

    Yana bir jihat, sohaga nafaqat yigitlar va yoshlar, balki xotin-qizlarni ham kengroq jalb etishni davrning o'zi taqazo etmoqda. Odatda IT sohasi va frilanserlik haqida gap ketganda, ko'pchilik uni yoshlar bilan bog'laydi. Binobarin, hududlarda aholi, xususan, xotin-qizlarga o'z qiziqishlari hamda imkoniyatlaridan kelib chiqib, frilanserlik faoliyatini o'rgatadigan tizimli monomarkazlar, o'quv kurslari tashkil etishning davri keldi.

    Hududlarda o'zbekistonlik “Fiverr’s choice”, “Top rated” yoki “Top rated plus” reytingli frilanserlar bilan uchrashuvlar, seminarlar, ular ishtirokida dars mashg'ulotlari va videodarsliklar tayyorlashni tashkillashtirish ham sohani ommalashtirishning zamonaviy shakllaridan hisoblanadi. Axir, yurtimizda ustoz-shogird an'anasi doim o'zini oqlagan. Ishsiz, kam ta'minlangan yoshlarni tajribali frilanserlar shogirdlikka olib, yo'l-yo'riq ko'rsatsa, bitta bo'lsa ham insonning bandligi ta'minlanib, oilasiga daromad qiradi.

    Qolaversa, frilanserlik faoliyati bilan shug'ullanuvchilar uchun mamlakatimizda qator imkoniyat va imtiyozlar mavjud. Bu imkoniyatlarni yanada kengaytirish frilanserlar sonining ortishi, yurtimizda bu borada o'ziga xos maktab yaratilishi, odamlarning zamonaviy soha ortidan oila tebratishiga xizmat qiladi.

    Amirbek NIYAZMURADOV,

    Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi “Raqamli iqtisodiyot tadqiqotlari markazi” davlat muassasasi bo'lim boshlig'i

    (Maqola “Yangi O'zbekiston” gazetasining 28.07.22, 152-sonida e'lon qilingan)