FTA bilan maslahatlashuvlar — konstruktiv hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan

    Xalqaro hamkorlik 31 Yanvar 2023 770

    Joriy yil 31-yanvarda Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) oʻrtasida IV-Yillik maslahatlashuvlar boʻlib oʻtdi.

    “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida boʻlib oʻtdgan maslahatlashuvlar Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) oʻrtasida FTA koʻmagida amalga oshirilayotgan qoʻshma loyihalarning bajarilishini muhokama qilish va barqaror rivojlanishni taʼminlashga qaratilgan istiqbolli tashabbuslarni belgilab olishga bagʻishlangan.

    Tadbirda Fransiya taraqqiyot agentligi, Yevropa va tashqi ishlar vazirligi, Moliya vazirligi, Fransiyaning “Expertise France” xalqaro texnik ekspertiza agentligi, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi tegishli vazirliklari, idoralari va tarmoq birlashmalari vakillari ishtirok etdi.

    Tadbir davomida maʼlum qilinganidek, 25-27-yanvar kunlari boʻlib oʻtgan texnik yigʻilishlarining birinchi bosqichida Oʻzbekistonda qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish, yashil iqtisodiyotni rivojlantirish, chorvachilik va aholi salomatligini muhofaza qilish yoʻnalishlarida amalga oshirilayotgan jami 814 million yevrolik 9 ta FTA loyihasining hozirgi holati muhokama etildi. Uchrashuvlar yakuni boʻyicha 2023-yilda loyihalarni amalga oshirish doirasidagi qator tadbirlarni nazarda tutuvchi “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqildi.

    Shuningdek, maslahatlashuvlar davomida FAR faoliyati, uning 2022-yildagi asosiy yutuqlari va 2023-yilda Oʻzbekistonda amalga oshirilishi rejalashtirilgan istiqbolli loyihalar taqdimotlari oʻtkazildi. Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning oʻtgan yil noyabr oyida Fransiyaga davlat tashrifi FTA va Oʻzbekiston Respublikasining tegishli vazirlik va idoralari oʻrtasidagi hamkorlikni faollashtirishga kuchli turtki boʻldi.

    Tadbir soʻngida har ikki delegatsiya vakillari energetika, “yashil” iqtisodiyot, shaharlarni rivojlantirish, suvdan foydalanish va barqaror moliyalashtirish sohalarida qoʻshma loyihalar doirasida hamkorlikni kengaytirish niyatini bildirdi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.