Savolga Payariq tuman 1-son FHDYO boʻlimi mudirasi Madina Vahobova javob berdi.
— Oʻlimni qayd etish marhumning doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi yoki oʻlim sodir boʻlgan joydagi FHDYO organi tomonidan amalga oshiriladi. Oʻlimni qayd ettirish toʻgʻrisida marhumning qarindoshlari va yaqin kishilari, shuningdek tibbiy muassasa maʼmuriyati murojaat etishlari mumkin. Bunda oʻlim toʻgʻrisida tibbiy guvohnoma va marhumning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilishi kifoya.
Chet elda vafot etgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining oʻlimini qayd etish marhum yashab turgan yoki oʻlim sodir boʻlgan joydagi Oʻzbekiston Respublikasining konsullik muassasasi tomonidan amalga oshiriladi. Agar oʻlimni qayd etish marhumning yashash joyidan boshqa okrugda amalga oshirilsa, u holda oʻlimni qayd etgan konsullik muassasasi marhum hisobda turgan konsullik muassasasiga uning familiyasi, ismi, otasining ismi, oʻlgan sanasi, shuningdek oʻlim haqidagi dalolatnoma yozuvining raqami va oʻlim qayd etilgan joy va sana koʻrsatilgan xabarnoma yuboradi.
Oʻlimni qayd etishda marhumning homiysiz qolgan voyaga yetmagan bolalari borligi maʼlum boʻlsa, u holda konsul shu kunning oʻzidayoq bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga xabar beradi. Oʻlim qayd etilgandan keyin marhumning hujjatlari diplomatik pochta orqali Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga joʻnatiladi. Bunda marhumning bekor qilingan pasporti keyinchalik qonunchilikda belgilangan tartibda yoʻq qilish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga joʻnatiladi. Marhumning pasporti yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatining yoʻqligi oʻlimni qayd etish uchun toʻsiq boʻla olmaydi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi xabardor qilinadi, deb xabar beradi DXA Samarqand viloyat boshqarmasi matbuot xizmati.









