Fuqaro M.P. oʻzining ehtiyotsizligi va soddaligi oqibatida katta miqdordagi mablagʻdan mahrum boʻlgani yuzasidan qilgan murojaatini bunga misol sifatida keltiradi.
Murojaatda aytilishicha, fuqaro M.P. 2024-yil dekabr oyida oʻzini Ichki ishlar, Davlat xavfsizlik xizmati va Markaziy bank xodimi deb tanishtirgan shaxslar taʼsirida kriptovalyuta orqali 170 ming AQSH dollarini yoʻqotgan.
Maʼlumotga koʻra, fuqaro ushbu mablagʻni yigʻish uchun oʻz avtomashinasi va uyini sotgan, jamgʻarmalaridan voz kechgan, hatto qarzga ham kirgan.
Uning rasmiy murojaatidan soʻng jinoiy ish qoʻzgʻatilgan va M.P. jabrlanuvchi sifatida tan olingan. Ombudsman shikoyatda koʻrsatilgan holatlarni oʻrganish uchun Ichki ishlar vazirligiga murojaat qildi.
Tekshiruv natijasida, Kiberxavfsizlik boshqarmasi tomonidan “Kriptodoʻkon” platformasidan fuqaro foydasiga 115 ming AQSH dollari (1 mlrd 434 mln 625 ming soʻm) qaytarib berildi.
Shu bilan birga, Ombudsmanning taʼkidlashicha, firibgarlik bilan bogʻliq murojaatlar koʻplab kelib tushadi, ammo aksariyat hollarda mablagʻlarni qaytarish imkoniyati boʻlmaydi. Shuning uchun fuqarolarni ehtiyotkor boʻlishga chaqirdi.
Ombudsman aholiga quyidagilarga eʼtibor qaratishni tavsiya etmoqda:
- oʻzini huquqni muhofaza qiluvchi organ yoki bank xodimi deb tanishtirgan, ammo shaxsiy raqamlardan qoʻngʻiroq qilayotgan shaxslarga ishonmaslik;
- telefon orqali pasport, ID-karta, plastik karta, PIN-kod va SMS-kod kabi shaxsiy maʼlumotlarni oshkor qilmaslik;
- tanimagan shaxslar kriptovalyuta orqali toʻlov qilishga undaganda, bu holatni darhol toʻxtatish va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilish;
- davlat organlari va tashkilotlari faoliyati faqat rasmiy kanallar orqali amalga oshirilishini esda tutish, shubhali holatlarda esa ishonchli raqamlar orqali tasdiq olish.