Fuqaro qurollangan holatda bankka kirishga urindi

    “Qoʻriqlash” boʻlimi xodimi ushbu fuqaroni binoga kiraverishda koʻzdan kechirish jarayonida payqab, toʻxtatib qolgan va tashvish tugmasi orqali xabar bergan.

    Urganchda bank binosida pnevmatik toʻpponcha bilan qurollangan fuqaro qoʻlga olindi.

    11-iyul kuni soat 11:07 da Urganch shahar “Qoʻriqlash” boʻlimiga Navoiy koʻchasida joylashgan “Xalq bank” filialidan “tashvish” signali kelib tushgan.

    Olingan xabarga koʻra voqea joyiga zudlik bilan yetib borgan tezkor harakatlanuvchi guruh tomonidan pnevmatik toʻpponcha bilan bank binosiga kirishga harakat qilgan fuqaro qoʻlga olingan.

    Maʼlum boʻlishicha bank filialida xizmat vazifasini olib borayotgan “Qoʻriqlash” boʻlimi xodimi ushbu fuqaroni binoga kiraverishda koʻzdan kechirish jarayonida payqab, toʻxtatib qolgan va tashvish tugmasi orqali xabar bergan. Oʻz vaqtida yetib kelgan tezkor guruh xodimlari tomonidan qoʻlga olingan ushbu fuqaro Urganch shahrida yashovchi X.A. ekani aniqlangan.

    Ayni vaqtda mazkur holat yuzasidan Xorazm viloyati “Qoʻriqlash” boshqarmasi masʼul xodimlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Bu haqda Milliy Gvardiya matbuot xizmati xabar bermoqda.