Qarshi tumanida bosqinchilik jinoyati sodir etgan jinoiy guruh aʼzolari qoʻlga olindi. Tumanning Alisher Navoiy mahallasidagi xonadonlarning biriga tonggi 4:00 da uch nafar niqob kiygan nomaʼlum shaxslar devor orqali kirib, uy egasi, turmush oʻrtogʻi va oʻgʻliga tan jarohati yetkazgan.
Jinoiy guruh ulardan pul talab qilgan va uydagi tilla-taqinchoqlarni olib chiqib ketgan.
«Eshik ochilganini sezdim va eshikka qarab yurib bordim. Eshikka yetmasimdan niqobli bir kishi kelib ortimdan tutdi va ogʻzimni berkitib, yotgan joyimga qaytarib olib keldi», — deydi jabrlanuvchi ayol.
«Asosan ular pul soʻrashdi. Nimang boʻlsa, joyini koʻrsat, deb azob berishdi,» — deydi jabrlanuvchi erkak.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 164-moddasi (bosqinchilik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Olib borilgan tezkor harakatlar natijasida gumonlanuvchilar davlat raqamisiz Nexia-2 mashinasida hodisa joyida harakatlangani maʼlum boʻlgan.
Gumonlanuvchilardan biri qoʻlga olindi. Shuningdek, bosqinchilik jinoyatini sodir etishda jabrlanuvchi toʻgʻrisida maʼlumot bergan shaxs ham ushlangan. Oʻrganishlar davomida ushbu guruh 2024-yil 26-noyabr kuni Qarshi tumanida sodir etilgan yana bir bosqinchilik jinoyatiga ham aloqador ekani maʼlum boʻldi.
Jinoyatda ishtirok etgan, Qarshi shahrida yashovchi 40 yoshli fuqaro ham qoʻlga olingan.
«Qisqa muddatda bosqinchilar qoʻlga olindi, buning uchun IIB xodimlariga rahmat aytaman,» — deydi jabrlanuvchi erkak.
Hozirda uch nafar gumonlanuvchi Jinoyat protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlanib, tezkor tergov harakatlari olib borilmoqda.