Fuqarolar tinchini buzish mumkin boʻlmagan vaqt oraligʻi uzaytirilishi mumkin

    Deputatlar “Aholini shovqinning zararli taʼsiridan himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ikkinchi oʻqishda masʼul qoʻmitaga qaytarishdi.

    Qayd etilishicha, ayrim normalarni aholi manfaatlaridan kelib chiqib qayta koʻrib chiqish va takomillashtirish zarur.

    Taʼkidlanganidek, qonun loyihasi bilan fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzishga yoʻl qoʻyilmaydigan vaqtlar oraligʻini amaldagi yetti soatdan (soat 23:00 dan 06:00 gacha) sakkiz soatga (soat 23:00 dan 07:00 gacha), dam olish kunlari va qonunchilik bilan belgilangan ishlanmaydigan bayram kunlari esa soat 22:00 dan 09:00 gacha boʻlgan vaqt oraligʻiga oʻzgartirish taklif etilmoqda.

    Ushbu vaqt oraligʻida fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlik choralari kuchaytirilyapti.

    Shuningdek, aholi istiqomat qiladigan koʻp kvartirali uylarda shovqining yoʻl qoʻyiladigan darajasidan oshadigan qurilish va taʼmirlash ishlarini ish kunlari soat 09:00 dan 18:00gacha amalga oshirish mumkinligi belgilab qoʻyilmoqda.