Taʼkidlanganidek, bugungi kunga qadar davlat hisobidan yuridik yordam faqat jinoyat ishlarini yuritishda koʻrsatilib, maʼmuriy va fuqarolik ishlarida nazarda tutilmagan hamda yuridik yordam koʻrsatadigan advokatlarni jalb etishning shaffof mexanizmi joriy etilmagan.

Qolaversa, ushbu sohani muvofiqlashtiruvchi yagona organning belgilanmaganligi esa kam taʼminlangan fuqarolarning Konstitutsiyada kafolatlangan malakali yuridik yordamdan toʻliq foydalana olmasligiga, korrupsiyaviy omillar paydo boʻlishiga olib kelishi bilan bir qatorda, byudjet mablagʻlarining sarflanishi ustidan samarali nazorat oʻrnatilishiga ham toʻsqinlik qilayotgan edi.

Muhokama etilayotgan qonun bilan yuqorida qayd etilgan muammolar oʻz yechimini topishi koʻzda tutilgan.

Xususan, Qonun bilan davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatishning asosiy tamoyillari, ushbu sohadagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari, fuqarolarning yuridik yordam olishga boʻlgan huquqlari kafolatlari belgilanadi.

Davlat hisobidan yuridik yordam oluvchi shaxslarning doirasi hamda davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatiladigan ishlar roʻyxatiga fuqarolik va maʼmuriy ishlarni kiritish orqali fuqarolarning bepul yuridik yordam olish imkoniyatlari kengaytiriladi.

Shuningdek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etgan holda davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatadigan advokatlarni inson omilisiz elektron tizim orqali tanlash tartibi hamda davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatuvchi advokatlar reyestrini yuritishning ochiq va shaffof mexanizmlari joriy etiladi.

Qonunning qabul qilinishi natijasida fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasi yanada ortadi va malakali yuridik yordam olishga boʻlgan kafolatlari kuchaytiriladi, davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatishning shaffof tartibi joriy etiladi hamda Davlat byudjetidan ajratiladigan mablagʻlar sarflanishi ustidan samarali nazorat oʻrnatiladi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.