Oliy Majlis Qonunchilik palatasida deputatlar “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi yangi tahrirda qabul qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi koʻrib chiqdi.

Qonun loyihasi bilan Jinoyat-protsessual kodeks hamda “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunga quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda:

  • jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxs uning aybi qonunda nazarda tutilgan tartibda oshkora sud muhokamasi yoʻli bilan isbotlanmaguncha va sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlanmaguncha aybsiz deb hisoblanishi;
  • gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga va sudlanuvchiga oʻzini himoya qilish uchun barcha imkoniyatlarni taʼminlanishi;
  • aybdorlikka oid barcha shubhalar, agar ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan boʻlsa, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki mahkumning foydasiga hal qilinishi kerakligi;
  • gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi oʻzining aybsizligini isbotlashi shart emasligi va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkinligi;
  • hech kim oʻziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emasligi;
  • agar shaxsning oʻz aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil boʻlsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emasligi;
  • shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos boʻlishi mumkin emasligini nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilyapti.

Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning soʻzsiz va toʻliq amalga oshirilishini, unda mustahkamlangan ustuvor prinsiplarning Yangi Oʻzbekiston gʻoyasiga hamohang tarzda roʻyobga chiqarilishini, fuqarolarning sud orqali himoya qilinish huquqi kafolatlarini taʼminlashga xizmat qiladi.