Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida yurtimizning barqaror taraqqiy etishida soha va yoʻnalishlar oldida turgan oʻta muhim vazifalar belgilab berildi. Jumladan, Oliy Majlis huzuridagi NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondining faoliyatini joylardagi dolzarb muammolarni hal etishga qaratish lozimligi, mavjud muammolarni aniqlash, ularni chuqur tahlil qilish, yechimlari boʻyicha taklif ishlab chiqish, ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini taʼminlashga ijtimoiy buyurtma asosida nodavlat notijorat tashkilotlarini keng jalb etishga alohida eʼtibor qaratish lozimligi belgilangan.
Oliy Majlis huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamaot fondi mablagʻlarini boshqarish boʻyicha Parlament komissiyasi yigʻilishida shu haqda soʻz yuritildi. Yigʻilishda taʼlim, madaniyat, tibbiyot, ekologiya, qurilish, kommunal xoʻjaligi va ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish sohasidagi davlat ijtimoiy buyurtmasi va joylardagi mavjud muammolarni aniqlashga, ularni hal etishga qaratilgan muhim loyihalarni amalga oshirish boʻyicha eʼlon qilingan davlat grantlari tanlovlarining natijalari koʻrib chiqildi.
Davlat ijtimoiy buyurtmasi doirasida taʼlim, madaniyat, tibbiyot, ekologiya, kadastr, qurilish, kommunal xoʻjaligi, bandlik va ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish kabi sohalarda qoʻllab-quvvatlangan 21 loyihaning amalga oshirilishi natijasida nogiron bolalarga inklyuziv taʼlim tizimi joriy qilinadi. 35 000 nafar maktab oʻquvchilarining odam savdosining salbiy oqibatlari haqidagi xabardorligi oshiriladi. 1000 nafar tarbiyasi ogʻir yoshlar turli tadbirlarga jalb qilinadi. 10 000 nafardan ortiq talabalar tizimli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar bilan qamrab olinadi. Oliy taʼlim muassasalarida imkoniyati cheklangan talabalarga “Toʻsiqsiz muhit” dasturi shakllantiriladi. Yangi zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda “Dual taʼlim dasturi” va “WorldSkills” xalqaro standarti asosida 15 000 nafar ishsiz yoshlar 22 ta kasbga oʻqitilib, ularning bandligi taʼminlanadi.
Mamlakatimizda turizm sohasida talabalarning startap loyihalari asosida 100 ta yangi ish oʻrni yaratilib, ekoturizmning 15 ta yangi marshrutlari tashkil etiladi. Imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun “Toʻsiqsiz turizm” elektron xaritasi va veb-sayti ishga tushiriladi. Qurilish va kommunal xizmat koʻrsatish sohasida aholi uchun “Ogoh fuqaro” on-layn maslahat tizimi yaratiladi. Namangan viloyatida 6 044 nafar fuqaro yashaydigan 2 ta mahallani toza ichimlik suvi bilan toʻliq taʼminlanadi.
Shuningdek, 4,8 milliard soʻmlik 120 ta davlat granti loyihalari doirasida fuqarorlik jamiyati institutlari mahalliy davlat boshqaruvi organlari bilan ijtimoiy sheriklikda qator vazifalarni amalga oshiradi. Jumladan, mahallalarda yuritilayotgan daftarlarga kiritilgan 3 600 dan ortiq vaqtincha ishsiz boʻlgan yoshlar, ayollar, nogiron shaxslarga biznes reja tuzish va yuritish sohasida “mahorat darsi”, biznes maslahat, “davra suhbati” oʻtkaziladi. Hududlarda 2000 ta yakka tartibdagi va 17 ta oilaviy tadbirkorlik subyekti, 4 ta yangi ijtimoiy korxona tashkil etilib, nogironlar aravachasi va boshqa asbob uskunalar, qandolatchilik mahsulotlari ishlab chiqariladi hamda aholiga turli maishiy xizmatlar koʻrsatish yoʻlga qoʻyiladi. Ogʻir ijtimoiy ahvolga tushgan, tibbiy yordamga muhtoj 2 070 nafar xotin-qizlarga psixologik va huquqiy yordamlar koʻrsatiladi.
Yoshlar “Besh tashabbus” doirasida individual suhbatlarga, adabiyot
va sanʼat vakillari bilan uchrashuvlarga, “Yosh ijodkor” klublariga, kasb-hunar kurslariga, sport toʻgaraklariga va boshqa turli maʼnaviy-maʼrifiy, harbiy vatanparvarlik tadbirlariga jalb qilinadi.
Parlament komissiyasi tomonidan “Yoshlarni maʼnaviy yetuk qilib tarbiyalashda hamda bandligini taʼminlashda ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish” va “Jamiyatda sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish va aholi sogʻligʻini mustahkamlashda fuqarolik jamiyati institutlarining faolligini oshirish” mavzuida davlat grantlari ajratish uchun uchinchi
va toʻrtinchi tanlovlari eʼlon qilindi. Oʻzbekiston Respublikasi davlat Mustaqilligining 30 yilligiga bagʻishlab “Yangi Oʻzbekistonda erkin va farovon yashaylik!” gʻoyasi asosida fuqarolik jamiyati institutlarining maʼnaviy-maʼrifiy va targʻibot–tashviqot loyihalarini qoʻshimcha qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha beshinchi davlat granti tanlovini eʼlon qilish boʻyicha Parlament komissiyasining qarori qabul qilindi. Tanlovlar joriy yilning 25-avgustdan - 28-sentyabrgacha eʼlon qilindi.
Hududlarda Parlament komissiyalari aʼzolari, Oliy Majlis xuzuridagi jamaot fondi, Adliya vazirligi, “Yuksalish” umummilliy harakati,“Taraqqiyot strategiyasi” markazi, OʻzNNTMA tomonidan uchrashuvlar, seminarlar va “davra suhbat”lari, sayyor qabullarni oʻtkazish belgilandi. Tadbirlarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning “Yangi Oʻzbekiston” gazetasiga bergan intervyusidagi yangi gʻoya va tashabbuslaridan kelib chiqadigan fuqarolik jamiyati institutlarining dolzarb vazifalari muhokama qilinadi hamda tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqiladi. Ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik nazorati, NNT bilan samarali ishlashni yanada takomillashtirish boʻyicha tavsiyalar beriladi.