Jamoa "B" guruhida uchinchi o‘rinni egalladi va eng yaxshi uchinchi o‘rinni egallagan jamoalar qatorida chorak finalga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Keyingi o‘yindagi g‘alaba O‘zbekiston terma jamoasiga 2027-yilgi jahon chempionatiga tarixiy yo‘llanmani taqdim etishi mumkin.
Guruh bosqichining 3-tur uchrashuvida Kotrina Kulbite boshchiligidagi terma jamoa Bangladesh terma jamoasini 4:0 hisobida mag‘lub etdi. Uchrashuv Perth Rectangular stadionida bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston terma jamoasi safida gollarga Diyora Habibullayeva va Nilufar Qudratova mualliflik qilgan bo‘lsa, Dildora Nozimova dublni rasmiylashtirdi.
Guruh bosqichi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi 3 ochko jamg‘arib, "B" guruhida uchinchi o‘rinni egalladi. Birinchi o‘rinni Xitoy terma jamoasi (9 ochko), ikkinchi o‘rinni KXDR jamoasi (6 ochko), Bangladesh terma jamoasi esa turnirni ochkosiz to‘rtinchi o‘rin bilan yakunladi.
O‘zbekiston terma jamoasining raqibi boshqa guruhlardagi o‘yinlar yakunlangach ma’lum bo‘ladi. Chorak finalda O‘zbekiston terma jamoasi "A" guruhi g‘olibi - Koreya Respublikasi terma jamoasi yoki "C" guruhi g‘olibi bilan to‘qnash kelishi mumkin.
Turnirning chorak final bosqichi alohida ahamiyatga ega: Osiyo Kubogining eng yaxshi oltita terma jamoasi 2027-yilgi jahon chempionatiga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.