2022-yil 10-may kuni Oʻzbekiston xalq shoiri, akademik Gʻafur Gʻulom tavvaludiga 119-yil toʻldi. Sana munosabati bilan Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan shoir uy-muzeyiga adabiy press-sayohat tashkil etildi. Tadbirning yangiligi shundaki, har kuni 10 000 qadam yurish va sogʻlom turmush tarzini targʻib qiluvchi Piyodalar klubi faollari sanalgan adiblar, jurnalistlar yomgʻir sharros yogʻayotganiga qaramay, Yozuvchilar uyushmasi binosidan Gʻafur Gʻulom uy-muzeyiga qadar piyoda bordi. Ular yoʻl-yoʻlakay Adiblar xiyobonidagi shoir haykaliga gul qoʻydi.
2003-yili Gʻafur Gʻulom tavalludining 100-yilligi munosabati bilan yaratilgan ushbu haykal dastlab shoir nomidagi boqqa oʻrnatiladi. Prezidentning 2017-yilgi tegishli qarori bilan yodgorlik Adiblar xiyoboniga koʻchirildi. Ayni paytda u Toshkent davlat yuridik universitetiga biriktirilgan boʻlib, oliy oʻquv yurti shoir nomi va ijodi targʻibotiga bagʻishlangan koʻplab xayrli ishlarni bajaryapti.
Piyodalar klubi aʼzolari Abdulla Qahhor, Oybek, Zulfiya, Hamid Olimjon, Muqimiy, Furqat, Berdaq, Ogahiy, Bobur va Navoiy haykallaridan oʻtib, muzeyga qarab ketib borar ekan, Gʻafur Gʻulom sheʼrlaridan aytdi, adabiy gurunglar qildi.
Piyodalar klubi qachon va nima maqsadda tuzilgan oʻzi? 2022-yilning boshida Kamolon darvoza mahallasida joylashgan Yozuvchilar uyi yaqinidagi piyodalar yoʻlagida ijodkorlar tashabbusi bilan tashkil etilgan Piyodalar klubi aʼzolari har kuni 10 000 qadam yuradi, toʻgʻri ovqatlanish, sogʻlom turmush tarzini targʻib qiladi, adabiyot va sanʼat haqida gurunglashadi, fikr almashadi. Yurishning koni foyda ekanini bilgan sogʻlom turmush targʻibotchilari bu kabi xayrli tadbirlar oʻtkazib oʻz safiga boshqalarni ham chorlaydi.
Adiblar, ommaviy axborot vositalari xodimlari muzeyga yetib borgach, u yerda adib hayoti va ijodi bilan bogʻliq qimmatli eksponatlar bilan tanishdi. Shoir haqidagi koʻplab qiziqarli maʼlumotlarga ega boʻldi.
Gʻafur Gʻulom 1903-yil 10-may kuni Toshkent shahrining Qoʻrgʻontegi mahallasida tugʻilgan. Mehmonlar muzeyda shoir tugʻilgan uyning fotosuratini koʻrdi. Hozirda bu uy, afsuski, saqlanmagan. Oʻsha xonadon hozirgi Toshkent shahrining Xalqlar doʻstligi maydonidan Hadra maydoniga ketishda oʻng qoʻlda boʻlgan. Kelganlar, umuman, bu yerdagi fotosuratlarda Toshkentning XX asr boshlaridagi koʻrinishi bilan tanishdi. Shoir asarlarida Toshkentning mahallalarini, bozorlarini mahorat bilan tasvirlagan.
Aytishlaricha, Gʻafur Gʻulom tugʻilganda otasi Gʻulom Mirzo Orif oʻgʻli 35 yoshda, onasi Toshbibi Shoyusuf qizi 25 yoshda boʻlgan. Otasi oʻz davrining yetuk savodxon kishilaridan edi. Fors-tojik tillarini yaxshi bilgan va ruscha soʻzlasha olgan. Toshkentdagi dumaxonaning mahalliy boʻlimida mirzalik qilgan. “Gʻulom” va “Mirzo” taxalluslari bilan sheʼrlar bitgan. Lekin ularni bir joyga toʻplab chiqarmagan. Shoirning onasi ham oʻzbekcha, fors-tojik tillaridagi kitoblarni oʻqiy olgan. Zehnli va sheʼriyat ixlosmandi boʻlgan. Xalq termalari vaznida sheʼrlar aytgan. Ana shunday muhitda katta boʻlgan Gʻafurning adabiyotga ishtiyoqi juda erta uygʻongan boʻlsa, ajabmas. Gʻulom ota va Toshbibi ayaning surati yoʻq. Shoir 9 yoshida otasidan, 12 yoshida onasidan yetim qolgan. Uning bu ogʻriqlari “Sen yetim emassan” sheʼrida yaqqol aks etgan:
Yetimlik nimadir –
Bizlardan soʻra,
Oʻninchi yillarning
Sargardonligi
Isitma aralash
Qoʻrqinch tush kabi
Xayol koʻzgusidan
Uchmaydi sira.
Muzeyda Toshkent shahridagi eski maktabning maketi bor. Bola Gʻafur oʻz mahallasidagi Hasanboy domlaning ana shunday eski maktabida oʻqigan. Maktabda savod chiqargan, Bedilni oʻqigan. Soʻng Toshkentdagi Tillashayx madrasasida biroz tahsil olgan. Eski maktab va madrasada oʻqigan kezlarda arab, fors-tojik tillarini oʻrgangan. 1916-yili Gʻafurni akasi Oʻqchi mahallasidagi rus-tuzem maktabiga oʻtkazgan. U shu yerda rus tilini oʻrgangan va Tolstoy, Pushkin, Lermontov, Fetning ijodi bilan tanishgan.
Mehmonlar Gʻafur Gʻulom bu uyda 1944-yildan 1966-yilgacha yashab ijod etgani, uy-muzey Oʻzbekiston hukumatining 1981-yil 16-iyundagi qarori bilan tashkil etilgani, 1983-yili shoirning 80-yillik yubeleyi munosabati bilan ziyoratchilar uchun ochilganini bildi. Uy-muzey ikki qismdan iborat. Yangi binoda Gʻafur Gʻulomning hayoti va ijodi haqida hikoya qiladigan adabiy ekspozitsiyalar joylashgan. U shoir tavalludining 101-yilligi munosabati bilan 2004-yil 10-may kuni ochilgan. Muzeyning eski binosida esa shoir yashagan xonalar va foydalangan buyumlar oʻrin olgan.
Maʼlumotlarga koʻra, Gʻafur Gʻulom oʻsmirlik yillarida qilmagan ishi qolmagan. Oxiri bosmaxonaga harf teruvchi-naborshik boʻlib ishga kiradi. Muzeyda shoir ishlagan bosmaxonaning fotosurati osilgan. Oʻshanda ustozi Abdurahmon Sohiboyevning maslahati bilan 8 oylik oʻqituvchilar tayyorlash kursida oʻqiydi. Bitirgach, 1919-yil 3-martda Bodak mahallasidagi “Choʻlpon” nomli maktabga oʻqituvchi etib tayinlanadi. 1924-yili “Hayot” maktabiga, keyinchalik, “Umid” musiqa bilim yurtida ishlaydi. 1926-yili 3-boqimsiz bolalar uyiga mudir etib tayinlanadi. Ayni paytda 7 yillik “Urfon” maktabida ham mudirlik vazifasini bajaradi. Muzeyda Gʻafur Gʻulomning oʻqituvchilik faoliyati haqidagi surat va hujjatlar bor.
Gʻafur Gʻulom ilk sheʼrini 1923-yili yozadi. Uning nomi “Feleks bolalari”. Sheʼr oʻsha davrdagi yetim bolalarga bagʻishlangan. Bu haqdagi maʼlumotlar muzeyning “Gʻafur Gʻulom ijodining ilk davri” boʻlimida aks etgan. Shuningdek, u yerda shoirning Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari bilan tushgan suratlari, ilk nashr etilgan kitoblariyam oʻrin olgan.
Gʻafur Gʻulom jurnalist ham edi. Muzeydagi bir boʻlim uning jurnalistlik faoliyatiga bagʻishlanadi. U tarjimayi holida shunday eslaydi: “1928-yil 15-sentyabrdan boshlab, “Kambagʻal dehqon” gazetasida sekretar boʻlib xizmatga kirdim... Biror kun yoʻq ediki, “Qizil Oʻzbekiston”da, “Kambagʻal dehqon”da, “Mushtum”da yo boshqa jurnal, gazetada biror maqola, feletonim, ocherkim yo sheʼrim bosilmasa... Ijodim yana-yana yangi ilhom bilan avj olib borar edi”.
1943-yili Gʻafur Gʻulom Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi tashkil etilganda birinchilardan boʻlib, akademik etib saylanadi. Hukumatning bu haqdagi qarori “Qizil Oʻzbekiston” gazetasida bosiladi. Bu xabar chop etilgan sahifa muzeyning eng qimmatli eksponatlaridan biri sanaladi.
“Gʻafur Gʻulom poemalari” nomli boʻlimda uning 30-yillarda yaratgan bir nechta asarlari oʻrin olgan. Bular – “Qoʻqon”, “Xitoydan lavhalar”, “Egalari egallaganda”…
“Gʻafur Gʻulom – mohir tarjimon” nomli boʻlimda uning tarjimonlik faoliyati bilan bogʻliq lavhalar oʻrin olgan. U Jomiy, Bedil, Rudakiy, Lutfiy, Shayx Saʼdiy, Shekspir, Lope de Vega, Gogol, Mayakovskiy, Pushkin, Lermontov, Nekrasov, Demyan Bedniy, Taras Shevchenko, Kirilov, Nozim Hikmat ijodini yaxshi bilgan, ularning asarlarini oʻzbek tiliga oʻgirgan. Bu boʻlimdan Gʻafur Gʻulom Shekspirning “Otello”, “Qirol Lir” dramalarini oʻzbek tiliga tarjima qilganini bilish, ushbu fojialarning sahna koʻrinishlari aks etgan suratlarni koʻrish mumkin.
Bu boʻlim “Gʻafur Gʻulom 2-jahon urushi yillarida” deb nomlangan. U oʻsha yillari “Xalq otlandi”, “Men yahudiyman”, “Sen yetim emassan”, “Kuzatish”, “Sogʻinish”, “Qish”, “Xotin”, “Bizning koʻchada ham bayram boʻlajak”, “Gʻoliblar”, “Vaqt” kabi sheʼrlarini yozadi. Shoir 1942-yili oʻzbek delegatsiyasi tarkibida gʻarbiy frontga boradi. Bu esa shoirning frontda tushgan fotosurati. Oilasiga frontdan qaytayotganda yozgan telegrammasi. Gʻafur Gʻulomning jiyani Hamidulla Husanov urushdan qaytib kelgach, shoirga soat sovgʻa qiladi. U shu soatga qarab “Vaqt” sheʼrini yozadi. Suratda siz shoirning mashhur sheʼri yaratilishiga turtki boʻlgan jiyani Hamidulla Husanovni koʻrasiz.
“Shum bola”. Gʻafur Gʻulom ijodini bu asarsiz tasavvur qilib boʻlmaydi. “Gʻafur Gʻulomning “Shum bola” asari” nomli boʻlim. Rassomlarning qissaga ishlagan illyustratsiya va suratlari. Asarning gazetada eʼlon qilingan nusxasidan parcha. Qissaning arab imlosidagi qoʻlyozmasi. Bularning bari kishini oʻziga maftun etadi.
Qissa XX asrning 30-yillarda arab imlosida yozila boshlangan. Dastlab “Dovdirash” nomi bilan 1936-yili nashr etilgan. Keyinchalik yozuvchi uni “Shum bola” deb atagan. Gʻafur Gʻulom bu qissani to 60-yillargacha qayta ishlagan va asar hozirgi biz oʻqiydigan holga keltirilgan. Vitrinada siz ushbu qissasining turli yillarda va turli tillarda chop etilgan nusxalarini koʻrasiz. U rus, tojik, qozoq, arab, urdu, latish, venger, rumin, grek va boshqa horijiy tillarga tarjima qilingan.
Gʻafur Gʻulom chin maʼnoda bolalar shoiri edi. Keyingi boʻlim uning bolalarga atab yozilgan asarlariga bagʻishlangan. Bunda siz Gʻafur Gʻulomning rassom Yar Kravchenko tomonidan 1949-yilda ishlangan portretni koʻrasiz. Bu eksponatlarda esa Gʻafur Gʻulomning maktab bolalariga kitoblar taqdim etgani haqidagi gazeta maʼlumoti. Ushbu maqolada shoirning oʻz shaxsiy kutubxonasidan 2000ga yaqin kitobni Toshkentdagi 90 maktabga sovgʻa qilgani toʻgʻrisida yozilgan. Bular esa Gʻafur Gʻulomning bolalarga bagʻishlangan sheʼlariga ishlangan suratlar, illyustratsiyalar. Vitrinada esa “Siz mening yoshligimsiz”, “Turgʻun va oʻrdak”, “Tongotar qoʻshigʻi”, “Bir gʻuncha ochilguncha” kabi bolalarga bagʻishlangan sheʼriy toʻplamlar.
Muzeyning koʻhna binosida shoirning shaxsiy kiyim va buyumlari – kiygan doʻppiyu toʻni, chalgan dutoriyu pianinosi, oʻqigan kitoblariyu foydalangan stol-javonlari, oʻtirgan divaniyu stullarigacha asl holida saqlangan.
Gʻafur Gʻulom 1966-yil 10-iyul kuni vafot etadi. Muzeyda Gʻafur Gʻulom vafoti munosabati bilan turli davlatlardan kelgan taʼziya telegrammalari bor. “Toshkent haqiqati” gazetasining 1966-yil 12-iyun sonida ham shoir vafoti va dafn etilishi bilan bogʻliq lavhalar eʼlon qilingan. Shoirning hoki Toshkentdagi Chigʻatoy qabristoniga qoʻyilgan. U yerda shoirga atab yodgorlik oʻrnatilgan.
Gʻafur Gʻulom vafotidan soʻng uning nomini abadiylashtirish toʻgʻrisida Oʻzbekiston hukumati qaror chiqaradi. Hozirgi kunda Toshkent shahridagi katta koʻcha, nashriyot, metro bekati, istirohat bogʻi, Samarqand shahridagi mahalla, Qoʻqon shahridagi adabiyot muzeyi shoir nomi bilan ataladi. Gʻafur Gʻulomning “Shum bola” va “Netay”, “Yodgor”, “Hasan kayfiy”, “Afandi oʻlmaydigan boʻldi” asarlari asosida kinofilmlar ishlangan. Siz bu yerdagi suratlarda shu kinofilmlardan lavhalarni koʻrasiz.
Shoir tavalludining 100-yilligi munosabati bilan adibning hikoyalari asosida Milliy teatrda Oʻzbekiston xalq shoiri Usmon Azimning “Oʻtgan zamon hangomalari” spektakli qoʻyiladi. Gʻafur Gʻulomning koʻplab sheʼrlari bastakorlar tomonidan qoʻshiq qilingan. Shulardan bir nechtasining notalari muzeyda saqlanadi. 1999-yilda Gʻafur Gʻulomga “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni beriladi. Mukofotni shoirning qizi Olmos Ahmedova Prezidentdan qabul qilib oladi.
2023-yil shoir tavalludiga 120-yil toʻladi. Shu munosabat bilan bir muddatdan soʻng uy-muzeyi taʼmirlanish uchun yopilar ekan.
Adiblar, jurnalistlar uy-muzeyini diqqat bilan tomosha qildi, shoirning qizi, muzey direktori Olmos Ahmedova bilan samimiy gurung qildi.
– Dadam nihoyatda mehmondoʻst edilar, ayam bundan hecham nolimasdi, – deydi u mehmonlar bilan suhbatda. – Bu uyga nafaqat Oʻzbekistonning turli joylaridan, balki dunyoning har tomonidan mehmonlar kelgan. Bu fazilat menga dadamdan oʻtgan boʻlsa kerak, men ham uyimizga koʻp mehmonlar kelishini yaxshi koʻraman. Xush kelibsizlar!
Suhbatda Gʻafur Gʻulomning bolajon boʻlgani, bolalarni yaxshi koʻrgani ham gapirildi. Oʻzining 11 nafar farzandi boʻlgani ham aytildi.
Adabiy press-sayohat soʻnggida shoir yashagan xonadondan bir piyoda choy ichdik. Gurungimizni davom ettirdik. Boshqa adiblarning uylari va uy-muzeylariga ham press-turlar tashkil etishga kelishib oldik.
Tadbirni tugatganimizda yomgʻir tingan edi. Jamoamiz bilan Gʻafur Gʻulom uy-muzeyidan Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasiga piyoda qaytar ekanmiz, adibning ochiqqoʻl va mehmondoʻst, bagʻri keng va bolajon boʻlgani “Bizning uyga qoʻnib oʻting, doʻstlarim” nomli sheʼridayam aks etgani takror va takror esimga kelaverdi:
Shukr aytaman toleimga, bolam koʻp,
Chakkalarga taqgudek lolam koʻp,
Kelin-kuyov, togʻa, amma, xolam koʻp,
Koʻkchoy uchun yetgulik piyolam koʻp,
Bizning uyga qoʻnib oʻting, doʻstlarim.
Fozil Farhod,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi
Axborot xizmati boʻlimi boshligʻi