Fermer yerga bug'doy urug'ini qadab, uni yetishtirguncha ozmuncha mehnat qilmaydi. Urug' unib chiqib, hosilga kirguncha necha tunlarni tongga ulaydi. Ekinni har-xil ob-havo sharoitida sug'oradi, o'simlikni zararkunandalardan asraydi, serhosil bo'lsin, deya o'z vaqtida agrotadbirlarni olib boradi. Nihoyat, pishib yetilgan g'alla hosilidan daromad ko'raman, deganida, davlatga bozor narxidan ikki barobar arzonga sotishiga to'g'ri kelardi.
Yurtimizda yaqin vaqtgacha amal qilgan bu tizim ko'plab fermerlarning ziyon ko'rishiga, hatto, g'alla yetishtirishdan hafsalasi pir bo'lishiga olib keldi. Ichki bozorni arzon un va non bilan ta'minlash maqsadida bug'doy xarid narxlarini davlat tomonidan bozor tamoyillariga rioya etmasdan belgilash fermerning cho'ntagiga ziyon qilayotgandi.
Shu bois, qanchalik murakkab bo'lmasin yurtimiz qishloq xo'jaligida erkin raqobatni ta'minlaydigan bozor tamoyillariga o'tib borilmoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bu boradagi islohotlar bir necha yil oldin boshlangan edi va nihoyat, g'alla bozorini erkinlashtirish yo'lidagi muhim qadam ham tashlandi. Joriy yil 28-may kuni Prezidentimizning “G'allani yetishtirish va sotishda bozor tamoyilini joriy etishning qo'shimcha chora-tadbirlari to'g'risida”gi tarixiy qarori qabul qilindi. Bu bilan shu yil 1-iyundan boshlab g'allani davlat tomonidan sotib olish va sotishda bozor narxlariga o'tilib, g'allachilik klasterlari va fermerlarga bug'doyni bozor narxida to'liq erkin sotish huquqi berilmoqda.
Bozor narxi qanday?
Qaror bilan davlat resurslari uchun sotib olinadigan 1 tonna bug'doy narxi o'tgan yildagi 1 million 550 ming so'mdan joriy yil hosili uchun 3 million so'mga, ya'ni 2 baravarga oshirildi. Bundan tashqari, iyul-avgust oylarida shakllangan birjadagi bug'doy narxlaridan kelib chiqib, ushbu bug'doy uchun sentyabr oyida qayta hisob-kitob qilinadi. Misol uchun, iyul-avgust oylarida bug'doyning o'rtacha birja narxi tonnasiga 3,7 million so'm bo'ladigan bo'lsa, bug'doy yetishtiruvchilarga yana tonnasiga 700 ming so'mdan to'lab beriladi.
Bu qishloq xo'jaligi sohasini erkinlashtirish, fermer va dehqon xo'jaliklarini har tomonlama qo'llab-quvvatlash, ularning moddiy manfaatdorligini oshirish yo'lidagi yana bir katta qadam. Endi, dehqon, fermer, klasterlar o'zi yetishtirgan mahsulotni bozor narxida sotib, haqiqiy daromad ko'radi. Ammo masalaning boshqa — ko'pchilik aholini o'ylantirayotgan tomoni ham bor. Ya'ni, bug'doy narxlarining birja orqali erkin sotilishi va davlat sotib oladigan narxning oshirilishi un va non mahsulotlari narxiga qanday ta'sir ko'rsatadi? Ichki bozordagi narxlar barqarorligi, aholining ushbu mahsulotlarga bo'lgan ehtiyojlarini qoplash masalasi qanday hal etiladi? Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, don mahsulotlari korxonalarida transformatsiya jarayonlarining natijadorligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan o'tkazilgan matbuot anjumanida mutasaddilar shu kabi savollarga javob berdi.
To'lqin MIRZAYEV,
Moliya vazirligi departamenti mudiri:
— Keling, bu masalani statistik ma'lumotlarga tayangan holda tahlil qilib ko'rsak. O'zbekistonda aholi va korxonalarning un mahsulotiga bo'lgan yillik talabi o'rtacha 3 million tonnani tashkil etadi, shundan aholi ehtiyoji taxminan 2,4 million tonnaga teng. 2021-yilda respublikamizda 3,5 million tonna un mahsuloti ishlab chiqarilgan. Bu respublika ehtiyoji ichki ishlab chiqarish hisobidan ta'minlanadi, degani. Bir yilda davlat resurslariga harid qilingan bug'doy hisobidan ishlab chiqarilgan unning 1 million tonnasi markazlashgan holda etkazib berilsa, jami resublika ehtiyojining taxminan 30 foizini tashkil etadi. Bozorning qolgan 70 foizida esa narxlar erkin bozor tamoyillari asosida shakllanadi. Ya'ni, hozir ham bozordagi un narxining asosiy qismi talab va taklif asosida shakllangan narx hisobalanadi. Shuning uchun, g'alla narxining erkinlashtirilishi un narxining oshishiga olib kelmaydi. Chunki bozor va do'konlarda un va un mahsulotlari bozor narxlarida sotilmoqda. Qolipli non narxi ham Toshkent shahridagina bir tizimda ushlab turilibdi, qolgan hududlarda erkin narxlarda sotilyapti.
Aslida, un narxining oshishi bu global masshtabga ega bo'lib, dunyoda turli vaziyatlar sabab bug'doy va un narxining ko'tarilishi kuzatilmoqda. Masalan, may oyida jahon birjalarida bug'doyning bir tonnasi 400—458 dollarni tashkil etib, o'tgan yilning mos davriga nisbatan 47—58 foizgacha oshgan.
Shuningdek, yoqilg'i moylash mahsulotlari narxlarining keskin oshishi ham narxlar o'sishining asosiy omili hisoblanadi. Bu o'z navbatida, transport harajatlarining ortishi va oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining ko'tarilishiga sabab bo'lyapti.
O'zbekiston xalqaro hamjamiyatning ajralmas qismi bo'lgani holda, integratsion jarayonlarning chuqurlashuvi sharoitida xalqaro bozorlarda kuzatilayotgan salbiy tendensiyalar ichki bozorda ham narxlarga salbiy ta'sirini ko'rsatmoqda. Lekin mazkur salbiy kutilmalarning oldini olish bo'yicha barcha zaruriy choralar ko'rilyapti. Agar un narxi oshgan taqdirda ham ushbu o'sish ichki omillar hisobiga emas, faqat tashqi bozordagi o'zgarishlarga bog'liq ravishda sodir bo'lishi mumkin.
Yuqoridagi qarorning qabul qilinishidan ko'zlangan asosiy maqsad bug'doy va un mahsulotlarini haqiqiy bozor bahosida sotishdan iborat. Ularni birja savdolariga chiqarishdan vahimaga tushishga asos yo'q. Bizda bu mahsulotlarning etarli miqdorda zaxiralari mavjud. Hozir ichki bozorga bir oyda o'rtacha 130 ming tonna atrofida un chiqarilayotgan bo'lsa, unga qo'shimcha 50 ming tonnadan ortiq zaxira yaratilgan. Zarur hollarda bozordagi talabni qondirish uchun ushbu un savdoga chiqariladi.
G'alla bozorini erkinlashtirish — bu bozordagi narxlarni tan olishimiz degani. Bu g'alla oldi-sottisida korruptsiyannig oldini olishda ham eng samarali yo'ldir. Ya'ni, fermer yetishtirgan g'allasini erkin bozor narxida, birja orqali sotsa, bunga hech kim aralasha olmaydi, vositachilarga ehtiyoj yo'qoladi. Ana shu tizimni ochiq-oshkora, shaffof olib borish maqsadida Respublika ishchi guruhi tashkil etilgan bo'lib, bozordagi narx-navoni nazorat qilib boradi. Shuningdek, barcha hukumat va mahalliy xokimiyat organlari tomonidan ichki bozorda, xususan, shahar va tumanlarning har bir savdo do'konida un va non mahsulotlarining doimiy mavjud bo'lishini ta'minlash bo'yicha monitoring o'rnatilgan.
Fermer boy bo'lsa, xalq boy bo'ladi
Ushbu so'zlarning tasdig'ini amalda yanada yaqqolroq ko'radigan vaqt yaqin. Joriy yil 1-iyundan fermerlar bug'doyni bozor narxida sotishi ortidan moddiy manfaatdorligi ortib, sohaning investitsiyaviy jozibadorligi yanada oshadi. Ushbu yo'nalishda ishlayman, degan odamlar soni ko'payadi. Bu esa g'alla hosildorligi va yalpi hosil etishtirish hajmlarini keskin oshirish, ichki bozorni bug'doy va un mahsulotlari bilan uzluksiz ta'minlashga zamin yaratadi.
Shuhrat MIRZAYEV,
Qishloq xo'jaligi vaziri o'rinbosari:
— Har birimiz o'zimizga savol berib ko'rishimiz lozim, nima uchun shuncha o'tgan vaqt davomida fermerlar erga investitsiya qiritmagan, nima uchun ular doim yo bankdan, yo davlatdan qarz bo'lgan, nima uchun yerning unumdorligini oshirishga, sho'rlanishini kamaytirishga harakat qilmagan. Buning asosiy sababi — ularda moddiy manfaatdorlik yo'q edi. G'alla bozorini erkinlashtirish fermerlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Qaror bo'yicha sug'oriladigan yerning har bir gektaridan 2,5 ming tonnadan bug'doyni birja orqali sotuvga chiqaradi, qolganini fermer, klasterlar erkin bozor narxlarida sotadi. Yurtimizda mehnatga layoqatli aholining 44 foizi qishloq xo'jaligida faoliyat olib borishini inobatga olsak, fermer xo'jaliklarining moddiy manfaatdorligi oshishi mazkur tarmoqda mehnat qilayotgan aholining farovonligiga ijobiy ta'sir ko'rsatadi.
Bugungi kunda Surxondaryo, Qashqadaryo va boshqa ko'pgina viloyatlarda g'alla o'rimi boshlandi. Joriy yil mamlakatimizda 1 million 32 ming gektar maydonda 7,5 million tonnadan ortiq bug'doy etishtirilishi kutilmoqda. Ushbu ko'rstakich o'tgan yilga nisbatan 1,5 million tonnaga ko'p. Qolaversa, bu yildan g'alla bozori erkinlashtirildi. Bu ko'plab fermerlar hosildan yaxshi daromad oladi, degani.
G'allaga davlat buyurtmasi bosqichma-bosqich bekor qilinyapti. Tizimda bozor mexanizmlarining joriy etilishi 2 ta muhim yo'nalishda katta o'zgarishlarga yo'l ochyapti. Birinchisi, fermer va klasterlar manfaatdorligi oshib, o'z-o'zidan g'allaga innovatsion ilmlar, zamonaviy texnikalarni olib kelib, qo'llash bo'yicha qiziqishlari ortib boryapti. Ikkinchisi, bevosita g'allani qayta ishlash bilan bog'liq. Avvallari 43 ta don korxonalari bilan ishlangan bo'lsa, oxirgi 3 yilda bug'doyni qayta ishlash bo'yicha sohaga 160 dan ortiq xususiy sektor kirib keldi.
Har yili jahon bozori, birja narxlaridan kelib chiqib g'allaga tavsiyaviy narx ishlab chiqiladi. Hozir belgilangan 3 million so'm yakuniy narx emas, u o'zgarib boradi. Ammo asosiysi, fermerlar asta-sekin erkin savdoga kirib boradi. Hududlarda Fermer, dehqon xo'jaliklari va tomorqa er egalari kengashining ishchi guruhlari tuzilib, ularga bug'alteriya markazlari xodimlari kiritildi. Mutaxassislar fermerlarga g'allani birjaga chiqarishdan tortib, zarur shartnomalarni tuzishgacha ko'maklashadi. Ularga huquqiy va amaliy yordamlar ko'rsatiladi.
Don korxonalari istiqboli qanday?
G'allachilikda joriy etilayotgan yangi tizim bevosita un ishlab chiqarish ko'rsatkichlariga ham ta'sir ko'rsatadi. Un ishlab chiqaruvchi barcha korxonalar bug'doyni birjada sotib oladi va ishlab chiqarilgan un mahsulotini birjada sotadi. Iste'molchi esa sifatli va arzon mahsulotga xaridor bo'ladi. Bu raqobat muhitini shakllantirib, eskicha ishlab kelayotgan don korxonalarini zamonaviy tizimga moslashish, yangicha ishlashga o'tishga majbur etadi.
Faxriddin MUSAYEV,
“O'zdonmahsulot” AK boshqaruv raisining o'rinbosari:
— Bugungi kunda kompaniyamiz tarkibida 43 ta don korxonalari faoliyat yurtib kelmoqda. Sohada xususiy sektorga keng yo'l ochilgani, erkin bozor tamoyillarining joriy etilayotgani korxonalarimizni tubdan isloh qilish, bozor sharoitida xususiy sektor bilan teng raqobat qila oladigan darajaga olib chiqishimiz zarurligini ko'rsatadi. Bu borada aniq vazifalarni belgilab, “Yo'l xaritasi” ishlab chiqqanmiz. Bunda asosiy e'tibor mahsulot tan narxini qisqartirish, xomashyodan samarali foydalanish hamda ishlab chiqarish xajmlarini oshirishga qaratiladi.
Bug'doy narxi birja savdolarida shakllangani kabi un mahsulotlari narxi ham bozordagi talab va taklifdan kelib chiqqan holda shakllanadi. Bu esa don korxonalaridan sifat va narx bo'yicha raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni talab etadi. Bu un hajmlari bilan ham bog'liq. Korxonalarimizda un ishlab chiqarish hajmlarini kamaytirmaslik choralari ko'rilyapti. Hozirgi kunda “O'zdonmahsulot” AK tarkibida faoliyat yuritayotgan 43 ta don korxonalarida yillik saqlash quvvati 4 million tonna g'alla sig'imlari, ishlab chiqarish quvvati 2 million 233 ming tonna bo'lgan 53 ta un tegirmonlari, yillik quvvati 1 million 415 ming tonna bo'lgan 48 ta omuxta yem ishlab chiqarish sexlari hamda quvvati 9 ming 400 tonnalik urug'lik don tayyorlash sexlari mavjud.
Hozirda mavjud don korxonalari zamonaviy ish tizimiga o'tkazilyapti. Ularning barchasi optik tola aloqa liniyalari va zamonaviy kompyuter jihozlari bilan to'liq ta'minlanib, yagona markazlashgan hisobotlarni yuritish tizimi joriy etildi.
Ichki bozorni un, non va non mahsulotlari bilan bir maromda ta'minlash maqsadida davlatimiz rahbarining bevosita topshiriqlari bilan 2022-yil hosilidan boshlab don korxonalariga qo'shimcha mablag'lar ajratilyapti. Xususan, Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo'jaligini davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash jamg'armasi tomonidan “O'zdonmahsulot” kompaniyasi tizimi korxonalarining birja savdolaridan don xarid qilish xarajatlarini qoplashga 800 milliard so'mgacha kredit resurslarini tijorat banklariga Markaziy bankning asosiy stavkasida joylashtirish topshirilgan. Bu ishlab chiqaruvchilar uchun katta imkoniyat bo'lish bilan birga, bozorlardagi narx barqarorligini ta'minlashga zamin yaratadi.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri