Suhbat chogʻida Oʻzbekiston va QBOKB oʻrtasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.
Gʻ.Fozilov Oʻzbekistonda inson huquq va erkinliklari himoyasini taʼminlash, milliy qonunchilikni bu boradagi jahon andozalari bilan uygʻunlashtirish, majburiyatlarni samarali bajarish, xalqaro institutlar bilan hamkorlikni kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar haqida QBOKB delegatsiyasiga maʼlumot berdi.
X.Shodder Oʻzbekistonning fuqarolik sohasidagi munosabatlarni tartibga solish tajribasini, jumladan, yangi tahrirda “Fuqarolik toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilinganini yuqori baholadi. Taʼkidlanganidek, respublikaning bu boradagi amaliy chora-tadbirlari butun dunyoda fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni kamaytirish boʻyicha global saʼy-harakatlarga uzviy mos keladi.
Uchrashuvda Afgʻonistondagi vaziyat yuzasidan ham fikr almashildi. X.Shodder Oʻzbekiston tomoniga BMT QBOKBga Afgʻoniston uchun insonparvarlik yuklarini yetkazishda koʻrsatgan yordami uchun minnatdorlik bildirdi.
Muloqotda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham muhokama etildi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.