Gʻayriqonuniy ravishda ishdan boʻshatilgan xodim oʻz lavozimiga tiklandi

    Ish beruvchi 2022-yil 15-iyul kuni S.R.ni egallab turgan lavozimidan qonunga xilof ravishda ozod etgan.

    Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili(ombudsman)ga Xorazm viloyati Shovot tumanida yashovchi fuqaro S.R. mehnat huquqlarining buzilgani boʻyicha murojaat qildi.

    Uning yozishicha, Shovot tumanidagi tashkilotlardan birida (murojaatchi iltimosiga koʻra uning avvalgi ish joyi oshkor etilmadi) yetakchi mataxassis lavozimida ishlab kelgan va 2022-yil 14-aprel kunidan boshlab ish beruvchi undan ishdan boʻshash toʻgʻrisida ariza berishini talab qilib, tazyiq oʻtkazib kelingan.

    Mazkur holat Ombudsman nazoratiga olinib, joyiga chiqib oʻrganilganida murojaatda keltirilgan vajlar qisman tasdiqlandi.

    Yaʼni, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasiga taqdimnoma kiritilib, unda S.R.ning ichki mehnat tartib qoidalarini qoʻpol ravishda buzib kelgani uchun Oʻzbekiston Respublikasi MKning 100-moddasi 2-qismining 3-bandiga asosan u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishga rozilik soʻralgan.

    Ushbu taqdimnoma rad etilishiga qaramasdan, ish beruvchi mansabdor shaxsning 2022-yil 15-iyul kuni S.R.ning egallab turgan lavozimidan qonunga xilof ravishda ozod etgan.

    Ombudsman mazkur murojaat yuzasidan tegishli vazirlikka taqdimnoma kiritib, unda murojaatchi S.R.ning egallab turgan lavozimidan gʻayriqonuniy ravishda ishdan boʻshatilishi bilan bogʻliq harakatlariga huquqiy baho berib, qonunni buzgan mansabdor shaxsga nisbatan tegishli chora koʻrilishini soʻradi.

    Ombudsman taqdimnomasiga asosan, fuqaro S.R. bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisidagi buyruq bekor qilinib, xodim avvalgi vazifasiga ishga qayta tiklangan.

    Ish beruvchiga nisbatan esa Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 181-moddasiga asosan “Hayfsan” intizomiy jazo chorasi qoʻllanilgan.