Gaz balloni oʻrnatilib, sinovdan oʻtkazilmagan 300 dan ortiq avtobus 2018-yildan beri odam tashib kelmoqda

    Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosariga senator soʻrovini yubordi.

    “JV MAN Auto-Uzbekistan” MCHJ qoʻshma korxonasida ishlab chiqarilgan “MAN A 22 CNG” rusumli avtobuslarga istisno tariqasida STG-3 rusumidagi gaz ballonlarini oʻrnatish va ulardan foydalanishga ruxsat berilgan. Afsuski, 300 dan ortiq avtobusda 2018-yildan beri texnik sinovdan oʻtkazilmagan holda yoʻlovchi tashilmoqda.

    Bu haqda Senat matbuot xizmati maʼlum qildi.

    "Bu kabi holat minglab, balki millionlab fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga real xavf tugʻdirmoqda. Mamlakatimizning turli hududlarida avtobus va boshqa transport vositalariga oʻrnatilgan gaz ballonlarining portlashi bilan bogʻliq sodir boʻlayotgan holatlar bunga yaqqol misoldir.

    Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 25-yanvardagi 28-son qaroriga muvofiq, Xitoyda ishlab chiqarilgan STG-3 rusumli gaz ballonlari bilan jihozlangan avtobuslar istisno tariqasida xarid qilinishiga ruxsat berilgan va bugungi kunda mamlakatimiz koʻchalarida ushbu avtobuslar aholiga xizmat koʻrsatmoqda.

    Avtobuslarda inson salomatligi va hayoti bilan bogʻliq baxtsiz hodisalarning oldini olish hamda yuqorida qayd etilgan avtobuslarga oʻrnatilgan STG-3 rusumli gaz ballonlarini ham texnik sinovdan oʻtkazish lozimligini inobatga olib, Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisi Qutbitdin Burxonov Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.Ramatovga senator soʻrovini yubordi", deyiladi xabarda.