Ayniqsa, doʻppi kiygan farishtasifat insonning koʻrinishi meni oʻziga rom etganidan bir gazetani koʻproq tomosha qilardim. Vaqt oʻtib, harfni tanib alifni hassadan farqlay bilib oʻqiy boshlaganimdan soʻng bildimki bu gazeta “Toshkent haqiqati” boʻlib, suratdagi inson buvam Abdulxaqjon Toirov ekan. Ushbu gazetadagi buvam haqidagi maqolani qayta-qayta oʻqib oʻz ajdodlarimga boʻlgan mehrim ortdi. Buning uchun gazetadan umrbod minnatdorman.
Meni oʻylantiradigan, gazetalarga taalluqli bir muammo bor. Shu haqda yozishni, gazetalar oldidagi qarzim deb bilaman.
Qiziq! Nima uchun? matbuot rastalarida topish mushkul boʻlgan gazetalarni bozorlarda, doʻkonlarda uchratamiz. Nima uchun? vazifasi bilim berish, dunyodagi yangiliklar bilan odamlarni xabardor qilish boʻlgan gazetalarni “ulgurji” meva-sabzavotlar sotiladigan bozorlarda koʻramiz. Uchratganda ham qarab boʻlmas va tanib boʻlmas koʻrinishda. Gʻijimlangan, yirtilgan holda. Yashiklarning tagiga koʻrpachadek yozilgan, ustki betiga katta qilib “….” gazetasi (nomini yozmayman, tahririyat xodimlari xafa boʻlmasin deb) deb yozilgan, aslida joyi bu yerda emas uylarning toʻrida, yozuv stolining ustida, kutubxonalarning oʻquv xonalarida boʻlishi kerak boʻlgan gazetalarni koʻrsam, doim koʻz oldimga, menga bobomni tanitgan gazeta keladi. Xuddi, uning qilgan yaxshiligiga yomonlik bilan javob qaytarayotgan mendek, oʻzimdan uyalib ketaman. Bu qiziq emas, balki fojiadir. Savollar bor, afsuski javoblar yoʻq.
Barchamiz koʻp guvohi boʻlganmiz, baʼzi idoralarda “shanbalik” oʻtkazilsa gazeta izlab qolishadi. Albatta, oʻqish uchun emas, balki oynani changini artish uchun. Ustalar taʼmirlanayotgan xonalarning oynasini gazetalar bilan yopishadi. Ichkari koʻrinmasin deb yoki yorugʻlik tushmasin deb-mi yana bilmadim. Eng yomoni gazetalarning uvol boʻlayotgani. Nonning bir ushogʻi yerga tushsa, “uvol boʻldiya” deb kattalar xafa boʻladi. Birgina nonning emas barcha narsaning, jumladan gazetalarning ham uvoli bor.
Mashhur “ы operatsiyasi yohud Shurikning yangi sarguzashtlari” kinofilmida Aleksandr Demyanenko qahramoni Shurik qoʻlidagi gazetani oʻrab u bilan pashsha qoʻradi. Balki, shu filmni koʻrganlar gazetani pashsha qoʻrish vositasi yoki kimningdir yuziga tarsaki tortish uchun qoʻllanadigan “yumshoq qurol” deb bilar, mensimas. Oʻzimiznikidan qoʻymasin, “Tangalik bolalar” da Doston (sevimli aktyorim Doston Ubaydullayev) “gazetada akamning sheʼri chop etilibdi” deb hammaga maqtanib chopish lavhasi barchamizga tarbiyaviy ahamiyatga ega. Gazeta bu mashhurlikning choʻqqisidir.
Haqiqatdan ham barchamiz uyalishimiz kerak. Ushbu gazetani deb tunu kunni uyqusiz oʻtkazgan tahririyatning katta — kichik xodimlari oldida, men shu gazetaning bosh muharririman deb faxr bilan aytadigan jurnalistning oldida qizarishimiz kerak. Chunki, gazetalarga boʻlgan bu kabi hurmatsizliklar aslida shu gazetani chop etganlarga nisbatan hurmatsizlikdir.
Oʻylanaman, nima qilsak boʻladiki, gazetalarni pista oʻralgan, tutantiriq qilingan, bozordagi yashiklarga solingan holda koʻrmaslik uchun. Har biriga qurʼon oyatlarini yozib “ushbu gazetada qurʼon oyatlari yozilgani uchun nojoiz joylarga qoʻyilmasin” deb eʼlon yozib qoʻyish kerakmikin?!. (Oʻzbekiston Musulmonlar Idorasining “Hidoyat” jurnalidan ibrat olib) Gazetalarni nomaqbul ishlar uchun foydalanganlik uchun “jarima” solish kerakdir. Yohud, har bir gazeta oʻz sahifalarida “gazetalarimizning oʻqib boʻlingan sonlarini qabul qilib olamiz” deb eʼlon bosishi kerakdir. Balki, har bir gazeta har bir sonida davlat ramzlarini — bayroq, gerb va madhiyani chop etishi kerakdir. Shunday qilinsa, davlat ramzlari hurmati, gazetalardan nojoiz maqsadlarda foydalanishmas. Chunki, davlat ramzlariga behurmatlik – Davlatga nisbatan hurmatsizlik hisoblanadi.
Ushbu dargoh nechalab buyuk shaxslarni tarbiyalamagan. Birgina Sharof Rashidov nomi gazetalarning kuchini bildirib turibdi. Bu ulugʻ insonni ham vatan uchun shu gazeta tarbiyalab bergan desak ayni haqiqat boʻladi. Balki, koʻpchiligimiz Sharof Rashidov ham “Qizil Oʻzbekiston” nomli gazetada Bosh muharrir lavozimida ishlaganliklarini bilmasmiz. Abdulla Oripov, Erkin Vohidov va minglab shoir va yozuvchilar ham avvalo gazeta tahririyatlari ostonasiga qadam qoʻyganlar. Dunyoda “bestseller” nomini olgan kitoblar ham kitob boʻlishidan avval gazetalarda chop etilgan.
Afsuski, “makalatura” kerak deb aytsak, mana deb qoʻlimizga kitoblar u gazetalarni tutadilar. Bilishmaydiki, kitob ham, gazeta ham “makalatura” emas, balki, “Maʼrifat tarqatuvchi, bilim beruvchi, yaʼni ziyo tarqatuvchi” dir. Kitob, gazetalar, shunchaki ermak uchun emas, odamlarning oʻqishi uchun, bilim olishi uchun chop etilishini unutmasligimiz kerak.
P.S. Gazetalarni abgor holatda koʻrsam, menga qarab quyidagilarni soʻzlayotgandek boʻladi.
Mening oʻrnim qoʻldadir!!!
(gazeta soʻzlasa)
Temirlar* soʻzlaganda, men nega soʻzlamay?!,
Dardimni doston etib, ne uchun boʻzlamay?!,
Odamlar! Faryodimni qoʻydingiz tinglamay,
Mening oʻrnim asli, yerda emas, toʻrdadir,
Yaxshi insonlar yonida, yaʼni qoʻldadir.
Davring oʻtdi deb, meni xafa aylamang,
Gʻijimlab tanamni, jonimni qiynamang,
Suvu olov, tuproq bilan siylamang,
Mening oʻrnim yerda emas, toʻrdadir,
Yuz bor, ming bora aytaman – qoʻldadir.
Orzu — kichkintoylar qoʻllarida tutsaydi,
Orzu — Onalar peshonamdan bir oʻpsaydi,
Otalar “men sevgan gazeta” deb aytsaydi,
Mening oʻrnim oiladadir, asli, bilsangiz,
Donolar yigʻilgan davradadir, bilsangiz.
Nima uchun??? Nomimni ham unutdilar,
Goho, keragi yoʻq deb, yuz oʻgirib ketdilar,
Beparvo boʻlib bagʻrimni koʻp tildilar,
Mening oʻrnim yerda emas, toʻrdadir,
Oyoq ostida emas hech, balki qoʻldadir.
Peshonam shoʻr ekan, afsus etaman,
Boshimga tushmagan zulmlar qolmadi.
Poyondoz etdilar, doʻlda soyobon etdilar,
Birgina eshakka toʻqim etib solmadi.
Mening oʻrnim yerda emas, toʻrdadir,
Qayta-qayta, takror aytaman qoʻldadir.
Gazetaning ongi, joni yoʻq deb oʻylamang,
Asli, baringizdan zukkosi oʻzimman.
Istagim meni oʻqing, oʻqimay qiynamang,
Mening oʻrnim yerda emas, toʻrdadir,
Kuchdan qolguncha aytaman – qoʻldadir.
Koʻp vaqt javonlarda chang bosib yotaman,
Afsuski, nomimni ham koʻp unutaman,
Vazifamni bajarolmay uyalib ham ketaman,
Mening oʻrnim javon emas, bilsangiz,
Kutubxonalardir vatanim, bilsangiz.
Koʻp soʻzlamoq boshga balolarni yogʻdirgay,
Koʻp soʻzdan bir harf oʻqimoq afzaldir.
Gazetani oʻqigan biling hurmat bildirgay,
Menga, ham oʻziga, ham oʻzgaga olqish keltirgay.
Gazetalarni hurmat qiling – odamlar!!!
Gazetani doimo qoʻlda tuting – odamlar!!!
Gazetani mehr bilan oʻqing – odamlar!!!
*Muhammad Yusufning “Temirlar nidosi” sheʼriy dostoni nazarda tutilyapti.
Alisher Toirov,
AT Xalq Banki Metodologiya ishlarini
muvofiqlashtirish boshqarmasi Bosh mutaxassisi.