Bu haqda Energetika vazirligi maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, energiya isteʼmoli madaniyatini oshirish va elektrlashtirish jarayonlarini tezlashtirish maqsadida ishlab chiqilgan loyihaga koʻra, ovqat tayyorlash uchun elektr plitalari bilan jihozlangan, isitish tizimi toʻliq elektrlashtirilgan hamda gaz tarmoqlariga ulanmagan xonadonlarga oylik isteʼmol hajmi asosida:
- isitish mavsumida — 2000 kVt/soatgacha,
- isitish mavsumidan tashqari — 1000 kVt/soatgacha,
- amaldagi tariflarga nisbatan 50 foizgacha chegirma qoʻllash taklif etilmoqda.
Takliflar idoralararo kelishuvdan oʻtgan boʻlib, hozirda mavjud elektr tarmoqlarining qoʻshimcha yuklama qabul qilish imkoniyatlari boʻyicha texnik audit olib borilmoqda. Energetika vazirligi, IMV, Oʻzenergoinspeksiya, HET AJ va HGT AJ tomonidan qoʻshimcha oʻrganishlar ham davom etmoqda.
Energetika vazirining taʼkidlashicha, mexanizm aniq xulosa va audit natijalariga koʻra kelgusi yildan amaliyotga joriy etilishi mumkin. Jamoatchilikka esa jarayonga xolisona yondashish va rasmiy maʼlumotlarga tayanish tavsiya etilmoqda.








