Ushbu hujjatga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Qaror qabul qildi. Shu bilan birga, Oʻzbekiston Barqaror rivojlanishning maqsadlari doirasida “Gender tenglikni taʼminlash hamda barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish”ga oid vazifalar ishlab chiqildi. 2030-yilga kelib barcha xotin-qizlarga nisbatan kamsitishlarning har qanday shakliga barham berish, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotda qarorlar qabul qilishning barcha darajalarida ayollarning toʻliq va samarali ishtirokini va yetakchilik qilish uchun teng imkoniyatlarni taʼminlash zarur. Bundan tashqari, ushbu maqsad davlatning turli darajalarida Davlat dasturlarini qabul qilish jarayonida gender tenglik tamoyillarini joriy qilishni oʻz ichiga oldi.

Ayni kunlarda ayollarimiz barcha sohalarda oddiy ishchidan tortib murakkab sohalarda faoliyat koʻrsatyapti. Masalan, mamlakatimiz tarixida ilk bor Senat raisligiga ayol kishi – Tanzila Norboyeva saylandi. Maʼlumki, Norboyeva xonim Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi sifatida ham samarali ish olib bora olgan ayol rahbar edi.

Umuman olganda, oʻzbek ayollari allaqachon har jabhada teng huquqli va barcha ishlarni amalga oshira oladigan metin irodali ayol ekanliklarini amalda isbotlab boʻlgan.

Davlat xizmatlari agentligi Fargʻona viloyat boshqarmasi tizimida ham ayni kunlarda 400 dan ortiq xodimlarning qariyb 30 foizini ayollar tashkil qiladi. Eʼtiborli jihati shundaki, koʻpsonli xodimlardan iborat tizimdagi katta jamoani ayni kunlarda tajribali ayol rahbar Raʼno Boyqoʻziyeva boshqarib kelyapti. Toʻgʻrisini aytganda, jamoat ishlaridan tortib lavozimga doir ishlargacha ayollarimiz juda katta masʼuliyat bilan amalga oshiradilar. Masalan, shu uch yarim yil davomida ayol rahbar boshchiligida 17 ta zamonaviy Davlat xizmatlari markazi, 10 ta DXM shoxobchalari foydalanishga topshirildi. Xizmat koʻrsatish sifati, zamonaviylik, tezkorlik va shaffoflik eng asosiy tamoyillardan biriga aylandi.

Gender tenglikni taʼminlashga va ayollarning ijtimoiy turmush sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar soni 8 tani tashkil qiladi. Oʻzbekiston Respublikasining “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonuni , Oʻzbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonuni shular jumlasidandir.

Bir soʻz bilan aytganda, mamlakatimizda xotin-qizlarning oʻz imkoniyatlarini toʻlaqonli roʻyobga chiqarishlari uchun barcha shart-sharoitlarni taʼminlash davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Bugungi kunda dunyo hamjamiyati xotin-qizlarning insoniyat taraqqiyotida oʻrnini toʻgʻri anglagan holda xalqaro mexanizmlarni yaratishga ham harakat qilyapti.

Soxibjon Qodirov, DXA Fargʻona viloyat boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari.